Bolani necha yoshdan bog‘chaga berish kerak?

Onalarimiz beshikda chaqalog‘i bilan g‘o‘zapoya chopishgan, adoqsiz dalalarga ekin ekib, paxta terishgan. Yana hozirgidek bir-ikki emas, o‘nlab farzandlar bir-biriga ergashib, loy-tuproqqa qorishib ulg‘ayavergan. Bugun-chi, bugun bolaga e’tibor qay darajada?

Buni o‘tgan yillar bilan aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning "Bizning farzandlarimiz eng yaxshi sharoitlarga munosib", degan gapining o‘ziyoq ayni paytda bolaga e’tiborning naqadar kuchliligini anglatadi. Hozirgi MTMlar avvalgidek bolani yedirib-ichirib, uxlatib, hojatini chiqaradigan joy emas. Ta’lim-tarbiya maskani, bolaning shaxs sifatida kamol topishi, jamiyatga aralashuvini ta’minlovchi muassasa sifatida shakllandi. Shu ma’noda hozirga kelib, har bir ota-ona o‘z farzandini barcha sharoitlar muhayyo bo‘lgan ana shunday maskanlarda tarbiyalanishini istaydi. Ayniqsa, jamiyatning ma’lum bir sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarimiz hayotida MTMlar muhim rol o‘ynaydi.

Ayol qachon xotirjam bo‘ladi? Qachonki bolasi ishonchli qo‘llarda bo‘lsa, ertalab ishga otlanganda farzandi ortidan yig‘lab emas, kulib kuzatsa... Ayol qachon bor kuch-matonatini karerasiga bag‘ishlaydi? Qachonki farzandlaridan xotirjam bo‘lsa. Bu borada uning xotirjamligini, jamiyatga munosib hissa qo‘shishini ta’minlovchi asosiy vosita – farzandini ishonib topshirish uchun har tomonlama xavfsiz, moddiy-ma’naviy, huquqiy, jismoniy va tibbiy jihatdan himoyalangan maskan, MTMdir.

Xalqimizda bola boshidan, degan ibratli maqol bor. Albatta, bolaga yoshligidan qanday tarbiya berilsa, ana shu tarbiya uning keyingi hayotida namoyon bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari – bugungi kunda bolalarimiz tarbiyalanadigan ilk maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu tufayli mazkur sohani rivojlantirishga doir hukumatimiz tomonidan bir qator qonun va qarorlar qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi "Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida" Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi "Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari shular jumlasidan. Unga ko‘ra MTMlarga bolalarni qabul qilish yoshi 3 yosh etib belgilandi. Albatta, bu yoshni tanlashda bolaning jismoniy, ruhiy-psixologik va boshqa tomonlama o‘zini to‘laqonli eplay olishi nazarda tutilgan. Bola hayotining dastlabki yillarini ko‘proq onasi bilan o‘tkazgani yaxshi, albatta. Chunki hech kim bolaga o‘z onasidan mehribonroq, yaxshiroq qaray olmaydi. Biroq masalaga boshqa jihatdan yondashadigan bo‘lsak, bu borada ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar borki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Birinchi murojaat:

Doktoranturada uchinchi bosqichdaman, ikkinchi farzandim tarbiyasi uchun ta’tilga chiqdim. To‘ng‘ichim besh yoshda, bog‘chaga berganman, kichigi esa yaqinda ikkiga kiradi. Doktorlik dissertatsiyamni yoqlash uchun belgilangan muddatim yaqinlashib kelyapti. Lekin kichik bolamni bog‘chaga beray desam, uch yoshga to‘lmaganligi sababli qabul qilishmayapti. Enaga yollay desam, ularning ko‘pchiligi bola tarbiyasi bo‘yicha yetarli malaka, bilimga ega emas. Albatta, men uchun bolam birinchi o‘rinda. Lekin muddatim tugamay, tadqiqot ishimni ham yakunlashim kerak. MTMlarda men kabi onalar uchun avvalgidek kichik yoshli bolalar guruhini tashkil etish zarur, menimcha. Bu haqda kimga murojaat qilsam bo‘ladi?

Ikkinchi murojaat:

Turmush o‘rtog‘im ikkimiz maktabda ishlaymiz. Kelin bo‘lib tushgan oilam juda katta. Shu tufayli qaynonam "O‘zlaringga alohida uy olinglar", dedilar. Turmush o‘rtog‘im bilan kelishib, kreditga uy oldik. Yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Bu orada farzandimiz tug‘ildi. Ishxonamdan bola tarbiyasi uchun ta’til oldim. Turmush o‘rtog‘im yolg‘iz o‘zi oilani ham moddiy jihatdan ta’minlashga, ham kredit to‘lashga qurbi yetmayapti. Bolam ikki yoshdan oshdi. Bemalol ovqatini o‘zi yeydi, gapiradi, hojatga borishini aytadi. Uni bog‘chaga berib, ishga chiqmoqchi edim. Bolalar uchun bog‘chalarda ikki yoshli kichik guruhlar tashkil qilinishini istardim".

Ko‘pchilik ayollarimiz xuddi shunday muammolar yuzasidan dardini kimga aytishni bilmay hayron. MTMlar faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qonun chiqarilganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, bu boradagi kamchiliklar, muammolar hali-hanuz barham topgani yo‘q. Soha mutasaddilari mazkur masalaga jiddiyroq yondashib, muammoning yechimini javobsiz qoldirishmaydi, degan umiddamiz.

Zarina RAHMONOVA.