Butun dunyoda sevimli: makkajo‘xorining foydali xususiyatlari
Qaynatilgan va tuz sepilgan makkajo‘xorining tayyorlanish usuli o‘ta qadimiy va jo‘n. Ehtimol, shuning uchun yer yuzining hamma burchaklarida, har qanday yoshdagi insonlar uni sevib iste’mol qilishadi.
Ozuqaviy moddalarga boy bu mahsulot organizmning hayotiy faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, immunitet tizimini mustahkamlaydi. Qaynatilgan makkajo‘xori donalari A, Ye, V, D, H, PP guruh darmondorilarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, xolin, pantotenik kislota, kalsiy, magniy, fosfor, temir va boshqa mikroelementlar, to‘yingan va mono to‘yinmagan yog‘larga boy.
Makkajo‘xori organizm metabolik jarayonini tezlashtirish, mushak to‘qimalari hujayralarni qayta tiklash va qon tomirlarini mustahkamlash xususiyatlariga ega. Homilador ayollar, bir yoshdan katta bolalar va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni istovchilar uchun ham ayni muddao.
Qaynatilgan makkajo‘xorining unutilmas ta’mi va xushbo‘y hidi har bir insonga yoshlikdan tanish va umr bo‘yi xotirasida qoladi. U tanaga quvvat beradi, jismoniy faollik va ishchanlikni oshiradi. Tana sog‘lomligi va yosharishiga hissa qo‘shadi. Shuningdek, u tinchlantirish, kayfiyatni ko‘tarish, ruhiy-emotsional holatni yaxshilash xususiyatlariga ega.
Yozning issiq kunlarida tanamiz uchun ahamiyatli bo‘lgan suv-tuz balansini saqlash, aqliy faollikni oshirish, xotira va fikrlashni yaxshilashda, yurak mushaklari va jigar faoliyatini tiklashga yordam beradi, buyrak yetishmovchiligini yengillashtiradi.
Qaynatilgan makkajo‘xori iste’moli tanani toksinlardan tozalashi hamda uyqusizlikdan xalos qilishi bilan ham qimmatli. Salatlar va ovqatlarga qo‘shilganda esa ularga yoqimli maza berib, ovqatning ozuqaviy qiymatini oshiradi.
Kuniga 1-2 dona qaynatilgan makkajo‘xori iste’mol qilish qon tomirlari devorlarini xolesterin qoplamasidan tozalaydi, qon quyqalari shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Ateroskleroz xavfidan himoya qiladi, qon bosimini me’yorda ushlaydi.