Dabdabadan kimga foyda?

Afsuski, bugungi to‘ylarda bu an’analar qariyb yo‘qolib, yangicha odatlar, rasm-rusumlar shakllanmoqda. To‘g‘ri, bizda ham kelin bilan kuyovni el oldiga chiqarib, yangicha bazm qilish shakllangan. Lekin nega faqat Yevropaga taqlid qilgan holda to‘y marosimi o‘tkazilishi kerak? 

Kelinlarning yarim yalang‘och oq liboslari, to‘y kechasida vals tushish, kuyovjo‘ralarning noma’qul xatti-harakatlari – to‘ylardagi bu kabi holatlar ko‘p aytilsa-da, hamon davom etayotir. 
Eng yomoni, to‘yda yoshlar o‘z bilganicha o‘ynab-kulsin, ularga xalaqit bermaylik, degan ma’noda qayerda qanday odat ko‘rishsa, uni olib kirib, urfga aylantirayotganlar ko‘payib borayotir. 
Hali oilaviy iqtisodi shaxsiy mashina sotib olish darajasiga yetmagan oilaning kelin-kuyovni o‘n bir metrlik "Limuzin" yoki qo‘sha-qo‘sha "Prado", "Shevrolet"larda to‘yxonaga jo‘natishi qancha mablag‘ talab etishini bir o‘ylab ko‘ring.
Muqaddas dinimiz isrofga qarshi turadi. Biroq keyingi paytlarda to‘y-ma’rakalarni o‘tkazishda dabdababozlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, el-yurt odatlari va an’analarini mensimaslik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish holatlari kuchayib ketyapti. Dabdababozliklar to‘ylardan keyin kelin salom-u quda chaqiriqlarga ham ko‘chib boryapti. Bunday holatlarning nosog‘lom musobaqaga aylanib ketishi, xo‘jako‘rsinga qilinayotgan odatlarning yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani keng jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.


Bugun viloyatimizdagi mingdan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida oila madaniyatini shakllantirish, yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, to‘y-hashamlarni tartibli o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar ishlab turibdi. Ba’zi hududlarda to‘ylarni o‘tkazishda tartiblilikka, chetdan kelgan ba’zi odatlarning yo‘qotilishiga erishilmoqda. Ammo bu masala ayniqsa, Samarqand shahrida murakkab kechayotir. Mahalla, faollarni nazar-pisand qilmay, hatto hovlisiga ham kiritmayotgan ba’zi xonadonlar dabdabali to‘y o‘tkazib, keyin "Bolam bu xotin bilan yashamaydi", deya mahallaga murojaat qilayotganlar ko‘p uchramoqda. Afsuski, bu paytga kelib, g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘ladi. Shuning uchun bu masalalarda jamoatchilikning kuchli nazoratiga tayanish ahamiyatga ega. Mahallalarda to‘y, dafn marosimlari va boshqa ma’rakalarni ixcham hamda tejamkorlik bilan o‘tkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish, bunda ma’naviyat targ‘ibotchilari, xotin-qizlar qo‘mitalari, "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini tizimli yo‘naltirish lozim. 

Farog‘at ShOKIROVA,
"Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mutaxassisi.