Davlat hisobidan yuridik yordam olish tartibi to‘g‘risida 10 ta muhim savolga javob
Moliyaviy imkoniyatning cheklanganligi inson huquqlarini himoya qilishda to‘siq bo‘lmasligi kerak. Shu maqsadda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, aholiga bepul huquqiy yordam olish imkoniyatini yaratildi. Quyida ushbu tizimning ishlash tartibini 10 ta asosiy savol doirasida tahlil qilamiz.
- Bepul yuridik yordam kimlarga va qaysi mezon asosida beriladi?
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi manzillilik tamoyiliga asoslanadi. Undan quyidagi toifadagi shaxslar foydalanishi mumkin:
— Kam ta’minlanganlar: agar ular fuqarolik, ma’muriy yoki jinoyat ishlari doirasida (da’vogar, javobgar, arizachi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkum sifatida), shuningdek ma’muriy qamoq nazarda tutilgan huquqbuzarliklarda ishtirok etsa.
— Maxsus himoyaga muhtojlar: Psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslar.
— Huquqiy tenglik izlovchilar: Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi sababli sudga murojaat qilganlar.
— Protsessual majburiyat: Jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtiroki shart bo‘lgan holatlardagi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilar.
- Tizim qaysi turdagi nizolarni qamrab oladi?
Bepul advokat nafaqat jinoyat ishlari, balki ijtimoiy muhim bo‘lgan fuqarolik va ma’muriy ishlarni ham qamrab oladi:
— Mehnat va ijtimoiy nizolar: Ishga tiklash, ish haqi va nafaqalar undirish.
— Oilaviy va uy-joy masalalari: Aliment undirish, uyga kiritish yoki turar joydan foydalanish huquqi.
— Zararni qoplash: Davlat organlarining noqonuniy xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni undirish va boshqalar.
- Bepul advokat jalb qilish uchun qayerga va qanday murojaat qilish lozim?
Fuqarolar eksterritoriallik prinsipi (yashash joyidan qat’i nazar) asosida Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari (bo‘limlari)ga murojaat qilishlari mumkin. Arizalar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda qabul qilinadi. Davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi ariza «Yuridik yordam» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
- Advokat qanday tanlanadi? Inson omili ta’sir qiladimi?
Yo‘q, advokatni shaxsan mansabdor shaxs tayinlamaydi. Advokatlar “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda advokatning ixtisosligi, ish yuritish tili va hududi inobatga olinadi.
- Arizani ko‘rib chiqish muddatlari qanday?
Ariza yoki sudning so‘rovi kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtiroki shart bo‘lgan kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa, advokat JPKda belgilangan tartibda zudlik bilan jalb etiladi.
- Qaysi hollarda bepul yuridik yordam berish rad etilishi mumkin?
Yuridik yordam olish to‘g‘risida berilgan arizani rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
— ariza yoki so‘rov qonun talablariga mos bo‘lmasa;
— ariza vakil tomonidan berilganda uning vakolatini hujjatlar bo‘lmasa;
— psixiatriya muassasasidan psixiatriya yordami olayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma bo‘lmasa;
— gender tengligi buzilishiga oid ish sudda ko‘rilayotgani haqida ma’lumotnoma bo‘lmasa;
— taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa;
— ayni shu nizo bo‘yicha oldin davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa (yangi holatlardan tashqari);
- Davlat hisobidan tayinlangan advokatni almashtirish mumkinmi?
Ha, ma’lum asoslar mavjud bo‘lganda advokat almashtirilishi mumkin. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestridan chiqarilgan taqdirda yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda maxsus vakolatli davlat organining qarori asosida boshqa advokat bilan almashtiriladi.
Bir advokatni boshqa advokat bilan almashtirish chog‘ida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning uzluksizligi ta’minlanadi
- Ko‘rsatilgan yuridik yordam sifati qanday nazorat qilinadi?
Qonunga ko‘ra, advokat yuridik yordamni sifatli va kasb etikasiga muvofiq ko‘rsatishi shart. Vakolatli organ advokat tomonidan ko‘rsatilgan yordamning sifati va hajmini tekshirish huquqiga ega. Buning uchun vazirlik fuqarolardan yoki ish yuritayotgan organdan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rab olishi mumkin.
- Xarajatlar kim tomonidan qoplanadi va qayta undirish tartibi bormi?
Advokatga to‘lovlar to‘liq davlat byudjeti hisobidan to‘lanadi. Biroq, agar fuqaro yolg‘on ma’lumot berib, bepul advokat olgani aniqlansa, xarajatlar undan qayta undiriladi. Shuningdek, agar bepul advokat jalb qilgan shaxs sudda yutsa, advokat haqi yutqazgan tomondan davlat foydasiga undirib olinadi.
- Qaysi holatlarda yuridik yordam ko‘rsatish to‘xtatiladi?
Yuridik yordam quyidagi hollarda ko‘rsatish yakunlanadi:
— fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra bepul advokatdan voz kechganda;
— shaxs «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da kam ta’minlanganlar toifasidan chiqarilganda;
— jismoniy shaxsga psixiatriya yordamini ko‘rsatish tugatilgan bo‘lsa;
— fuqaro o‘z mablag‘i hisobidan boshqa advokat bilan shartnoma tuzganda;
— shaxsning arizasida ko‘rsatilgan masala bo‘yicha yuridik yordam ko‘rsatish sudning tegishli hukmi, qarori yoki ajrimi chiqarilganligi munosabati bilan yakunlangan bo‘lsa.
M.Tursunov,
Payariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.