Diabet va farovonlik
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali xalqaro diabet kuni munosabati bilan maxsus aksiyalar, seminarlar va qand darajasini bepul tekshirish tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Jumladan, kecha filial mutaxassislari Nurobod tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinkasi va Nurbuloq oilaviy shifokorlik punktida 40 yoshdan yuqori aholi skringdan o‘tkazdi. Sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, diabetning oldini olish haqida tushuncha berildi.
Bugun esa filialda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi va muassasaga kelgan fuqarolarga qondagi qand miqdorini bepul aniqlash imkoniyati yaratildi, shuningdek, ular mutaxassislar qabuliga kirib, tavsiya va maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– 14 noyabr jahon miqyosida “Xalqaro diabet kuni” sifatida nishonlanadi – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatova. – Bu sana diabet kasalligiga qarshi kurash, uning oldini olish va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biridir. Diabet bu – inson organizmidagi insulin gormoni yetishmasligi yoki uning ta’siriga qarshilik natijasida qondagi shakar miqdorining ortishi bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab har beshinchi katta yoshdagi insondan biri diabet xavfi ostidadir. Bu esa har bir oila, har bir jamiyat a’zosi bu muammoga befarq bo‘lmasligi kerakligini anglatadi. Joriy yilda xalqaro diabet kuni mavzusi “Diabet va farovonlik” deb belgilangan. Asosiy maqsad – diabet bilan yashaydigan insonlar uchun munosib hayot sharoitini yaratish, ularning sog‘lom va farovon hayot kechirishini ta’minlashdir. Chunki diabet faqat tibbiy muammo emas, balki ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Diabetni nazorat qilish uchun har bir inson to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish, stressni kamaytirish va doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishga ahamiyat berishi zarur.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab qandli diabet bilan kasallanish holatlari yil sayin ortib bormoqda. Bu kasallikning xavfi shundaki, uning boshlang‘ich bosqichlarida belgilari ko‘pincha sezilmaydi. Shu sababli, ko‘plab bemorlar diabet aniqlanguncha ancha vaqt o‘tib ketadi va bu vaqt mobaynida kasallik asoratlari yuzaga kelishi mumkin.
Shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda 40 yoshdan oshgan aholini skriningdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tadbir orqali qondagi glyukoza (shakar) miqdori aniqlanib, diabetning ilk belgilari barvaqt aniqlanadi. Kasallik erta bosqichda aniqlansa, uni nazorat qilish va asoratlarning oldini olish ancha oson kechadi.
Bugun filial mutaxassislari hamda tuman, shahar tibbiyot birlashmalaridagi endokrinologlar poliklinikalar va aholi gavjum maskanlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va diabetning oldini olishga qaratilgan tadbirlada ishtirok etmoqda. Kechki payt Samarqand shahridagi Registon maydonida moviy rang chiroqlar ostida “Samarqand-2025: diabetsiz va farovon hayot uchun birlashamiz!” shiori ostida katta targ‘ibot tadbiri o‘tkazish ko‘zda tutilgan.