"Dom"dagi g‘alati holatlar
Ko‘p qavatli uyda ikki do‘st suhbat suhbatlashyapti:
- O‘rtoq, xush kelibsan! Sizlarning qishloqda tepalikka chiqsang, atrofning barchasi ko‘rinadi. Bizning "dom"dan esa shahar ko‘rinadi!
Ha, to‘g‘ri aytasan. Bizda tepaliklar, qir-adirlar ko‘p.
- Qara, barcha qo‘shnilar bilan balkonda turib ham bemalol gaplashib ketaveramiz. Juda qulay.
- Biz esa qo‘shni bilan bir devor narida gaplashamiz. Keyingisi bilan gaplashish uchun esa o‘sha tomonga yaqinroq boramiz.
- Ko‘rdingmi, "dom"da yashash maza-da!
- Ha, maza... Ammo... bizning qishloqda uylarning darvozasi bo‘lmasligi mumkin, lekin deyarli har bir xonadonning derazasida pardasi bor. Hatto vaqtinchalik chayla qurib yashasa ham, uning atrofi o‘rab qo‘yiladi.
- Tushunmadim. Bu gaping bilan nima demoqchisan?
- Bu yerdan shaharni ko‘rish yaxshi, albatta. Lekin anavi qo‘shnining derazasida parda yo‘q ekan. Kamiga, eri-xotini yarim yalang‘och holda hammaning ko‘zi oldida o‘tiribdi. Bizning qishloqda bunday holatni ko‘rmaysan. Yangi uyga ko‘chib o‘tgan odamning mabodo derazasiga parda qo‘yilmagan bo‘lsa, yoshi kattalar ko‘rib qolsa, farosat va odob haqida biroz “ma’ruza” ham qilib qo‘yishadi.
- E, qo‘ysang-chi, o‘rtoq! Bu shahar. Kim nima xohlasa, shunday yashaydi. O‘zining uyi bo‘lsa, kiyimdami yo yengil kiyimdami, o‘tiraveradi-da.
- To‘g‘ri, uy uniki. Lekin uning derazasi qarshisida boshqa oilalar, bolalar, yoshlar ham yashayapti-ku. Mana shunisi menga g‘alati tuyulyapti. Eng qizig‘i, "dom"laringda bunday odamlarga odob haqida gapiradigan, tanbeh beradigan ham yo‘qmi deyman?..
Ha, bu - kundalik hayotda guvoh bo‘lib yuradigan holatlardan biri.
Lekin masalaning og‘riqli tomoni shundaki, bugun bundan-da achinarliroq holatlarni ko‘rsak ham, ko‘pincha indamaymiz. Gapirmaymiz. Bir-birimizni odobga, tarbiyaga chaqirmaymiz.
Balki “Menga nima?” degan qarash hayotimizga sekin-asta singib borayotgandir?
Bugun bizga g‘ayrioddiy va noqulay tuyulgan narsaga ertaga ko‘nikib qolishimiz mumkin. Kecha uyat deb bilganimiz bugun “oddiy hol”ga aylanishi ehtimol.
Aslida esa odob - katta gaplarda emas, kundalik hayotimizda ko‘rinadi. Muomalamizda, kiyinishimizda, o‘zimizni tutishimizda va eng muhimi, atrofimizda bizdan boshqa odamlar ham borligini his qilib yashashimizda.
Shuning uchun ham bu faqat bitta oilaning yoki bitta qo‘shnining ishi emas. Chunki bir insonning xatti-harakatini boshqalar ham ko‘radi, uning ta’sirini esa jamiyat his qiladi.
Donishmandlarimiz odobni avvalo oiladan olish kerakligini bejiz aytmagan. Farzand ham ko‘pincha aytganimizni emas, ko‘rganimizni o‘rganadi.
Shunday ekan, bir-birimizni haqorat qilish yoki sharmanda qilishdan oldin, odob va farosat haqida gapiradigan muhitni qayta tiklashimiz kerak.
Balki “Menga nima?” degan bir og‘iz gap o‘rniga, “Bu holat to‘g‘rimi?” deb o‘ylab ko‘rishni odat qilarmiz? Siz-chi, shu kabi holatlarga duch kelganmisiz?
Unda Siz ham fikringizni yozing. Balki sizning bir og‘iz mulohazangiz kimgadir odob haqida o‘ylashga sabab bo‘lar...
Husan Hushyor.