Endi davlat beradiganiga yugurmaysiz: Qog‘ozsiz hukumat davlat idoralari va odamlar o‘rtasidagi masofani yaqinlashtiryapti
Ilgari biror hujjat yoki ma’lumotnoma olish uchun ishdan javob so‘rab, uzoq yo‘l bosib, turli idoralar eshigi tagida soatlab, ba’zan kunlab navbat kutishga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa ko‘pgina xizmatlardan uydan chiqmasdan, qo‘limizdagi oddiy telefon yoki kompyuter orqali foydalanishimiz mumkin.
Bu jarayon ilmiy tilda «Raqamli hukumat» va «davlat xizmatlarini raqamlashtirish» deb ataladi.
Bugungi kunda My.gov.uz orqali 800 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklda taqdim etilmoqda. Portalning faol foydalanuvchilari soni 11 milliondan oshgan bo‘lib, u davlat va fuqaro o‘rtasidagi raqamli muloqotning asosiy platformasiga aylandi.
Albatta, hammaning ham uyida kompyuteri yo‘q yoki keksa yoshdagi otaxon-onaxonlarimiz telefondan mukammal foydalanishni bilishmaydi. Shuning uchun shahar va tuman markazlarida shinam, zamonaviy Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilgan. Siz u yerga borasiz, u yerdagi xodimlar sizga yordam berib, barcha ishlaringizni hal qilib berishadi.
“Raqamli hukumat” nima beradi?
Buning odamlar va davlat uchun juda katta foydalari bor. Masalan, kompyuter va telefon hech kimdan pora olmaydi, hech kimni tanish-bilish qilmaydi. Tizimga ariza berdingizmi, u kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, navbati bilan ko‘rib chiqilaveradi.
Shuningdek, qanchalab qog‘oz, ularni chop etish uchun ketadigan printer bo‘yoqlari, katta-katta arxiv binolari. Bularning hammasiga milliardlab pul sarflanadi. Raqamlashtirish orqali bu pullar tejaladi va maktablar, shifoxonalar qurishga, yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirilishi mumkin.
Raqamli hukumatning eng asosiy qoidalaridan biri — «Yagona oyna» tamoyilidir. Buni oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, siz bitta eshikdan kirasiz va u yerdan o‘zingizga kerakli barcha xizmatlarni olib chiqasiz. Xuddi shunday, internetda ham bitta saytga kirib, barcha idoralarning xizmatidan foydalanasiz.
Ilgari yangi uy sotib olsangiz, uni rasmiylashtirish uchun notariusga, keyin kadastrga, keyin svet, gaz, suv idoralariga alohida-alohida borib, shartnoma tuzib chiqish kerak edi. Hozir esa notarius uyni rasmiylashtirishi bilan, kompyuteridagi tizim orqali bu ma’lumot kadastrga ham, svet, gaz, suv korxonalariga ham avtomatik yetib boradi. Uy yangi egasining nomiga uydan chiqmasdan turib o‘tadi.
Umuman, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida davlat xizmatlarini raqamlashtirishning ko‘lamini kengaytirish orqali aholi uchun “Servis davlat” tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish maqsadida davlat xizmatlarini “3 qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan”, “barchasi bir mobil ilovada” tamoyillari asosida raqamlashtirish hamda “elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi – “Raqamli hukumat” tizimiga o‘tilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo‘lishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Demak, yangiliklar hali oldinda.
Nimalar o‘zgaradi?
Raqamli transformatsiya - doimiy jarayon. Shu ma’noda aytish mumkinki, raqamlashtirish jarayoni qog‘oz hujjatlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish bilan cheklanib qolmayapti. U davlat, biznes va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi madaniyatini shakllantirib, mamlakatning raqobatbardoshligi va barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanmoqda.
Adliya vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatilishini soddalashtirish bo‘yicha 200 ga yaqin xizmatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada aholi va tadbirkorlardan 150 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilingan va 30 ga yaqin davlat xizmatlarining natijasini avtomat taqdim etish imkoniyati yaratilib, 30 dan ortiq davlat xizmatlarining natijasini pochta orqali yetkazib berish joriy etilgan.
Endi 500 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini maqbullashtirish, 20 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, 50 dan ortiq davlat xizmatlarini avtomat shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Ahamiyatlisi, kompozit va proaktiv shakllarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini kamida 400 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shu o‘rinda aytibo‘tish lozim, proaktiv (oldindan harakat qiladigan) xizmatlar bu — siz hali ariza bermasingizdan turib, davlatning o‘zi sizga xizmat taklif qilishidir.
Masalan, oilada chaqaloq dunyoga keldi. Shifoxona bu haqda elektron tizimga ma’lumot kiritadi. Raqamli hukumat tizimi esa avtomatik ravishda bolaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma (metrka) rasmiylashtiradi, ota-onaning plastik kartasiga suyunchi pulini o‘tkazadi, bolani yashash joyidagi shifoxonaga ro‘yxatga qo‘yadi, yaqin atrofdagi bog‘chaga navbatga joylaydi.
Ota-ona esa telefoniga kelgan: «Farzandingiz muborak bo‘lsin! Hamma hujjatlar tayyorlandi, suyunchi puli kartagizga tushdi» degan SMS-xabarni o‘qiydi, xolos. Idoralarga borib yurish mutlaqo tarixda qoladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamli hukumat yoki xizmatlarni elektronlashtirish - bu shunchaki chiroyli so‘zlar yoki navbatdagi kompyuter dasturi emas. Bu - odamlarning eng qimmatli boyligi bo‘lgan vaqtni tejash, ularning asablarini asrash va hayotini farovon qilish demakdir.
Diyor Husanov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.