Endilikda “suyunchi puli” bank plastik kartasiga ham o‘tkazib beriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga asosan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lovi Xalq banki tomonidan naqd pul shaklida amalga oshirilmoqda.

Bu esa FHDYo bo‘limlarida joylashgan bank kassalari oldida uzundan-uzun navbatlarni yuzaga keltirayotgan edi.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimida farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lovi (“suyunchi puli”) ota-onadan birining bank plastik kartasiga ixtiyoriylik asosida o‘tkazib berish imkoniyati yaratildi.

Bunda FHDYo bo‘limining mas’ul xodimi ota yoki onaning xohishiga asosan faol holatda bo‘lgan bank plastik kartasini maxsus belgi orqali tanlaydi va bir martalik to‘lovni bank plastik kartasiga yo‘naltiradi.

Xalq banki tomonidan “suyunchi puli” qisqa muddatda fuqaroning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.