Harbiylari sog‘lom, oilasi mustahkam

2017 yildan boshlab Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashining joylardagi bo‘limlari tashkil etildi. Tuzilmaning asosiy vazifasi jamiyatimizdagi islohotlardan harbiylarni voqif etib borish, ularning oila a’zolari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari olib borishdan iborat.
O‘tgan vaqt davomida davlat arboblari, olimlar, shoir va yozuvchilar, "Zulfiya" nomidagi davlat mukofoti, "Nihol" mukofoti sovrindorlari, el sevgan san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhlari tuzilib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari orasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, she’riyat kechalari, uchrashuvlar o‘tkazildi. 2017 yilda ilk bor o‘tkazilgan serjantlar forumida Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlarining ma’muriy chegaralari doirasida tuzilgan Markaziy harbiy okrugda xizmat qilayotgan mingga yaqin serjantlar ishtirok etdi. Ularning Samarqanddagi tarixiy obidalarga ziyorati uyushtirilib, shoir, yozuvchi, xalq sevgan san’atkorlar bilan uchrashuvlari tashkil etildi. Anjuman o‘tkazilayotgan hududda kitob savdosi tashkillashtirildi, oila a’zolarining barchasi uchun mo‘ljallangan kitoblar namoyish etildi. 
Salomatlik tadbiri uyushtirilib, harbiy xizmatchilar, xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘tgan yili "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida 600 nafardan ortiq xotin-qizlar va 700 nafardan ko‘proq bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 
Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning oila a’zolari o‘rtasida oila madaniyati va odobi, oilada er-xotinlik munosabatlari, farzand tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, namunali, ibratli oilalarni aniqlab, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida "Namunali yosh harbiy oila" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unda o‘nga yaqin harbiy oila qatnashib, samarqandlik Kovalenkolar oilasi tanlovning respublika bosqichida faxrli o‘rinlardan birini egalladi. 
Nafaqat Samarqand shahrida, balki chekka hududlarda ham harbiy oilalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida keyingi yillarda Toyloq tumanining chegara hududidagi "Cho‘bot", Urgut tumanining "Guliston", "Mirzabog‘lon-Chep" va "To‘rtko‘l" mahallalarida bolalar bog‘chasi, amfiteatr, maishiy xizmat uylari, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, sun’iy qoplamali stadion, davolash-profilaktika muassasasi qurildi.
Harbiy qism xizmatchilariga uy-joylar berildi. Joriy yilda faqat harbiy qismlarda emas, ta’lim muassasalarida harbiylar, jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida doimiy ravishda uchrashuvlar, ma’naviy anjumanlar tashkil etishni rejalashtirganmiz. 

Marhabo G‘AFUROVA,
Mudofaa vazirligi huzuridagi
jamoatchilik kengashining viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari.