"Ism-sharifi o‘zgartirilgan" maqolalarda qavs ichida beriladigan bu izoh nimani anglatadi?
Keling, avval tahlil qilib, o‘ylab ko‘raylik: bunday izohning berilishiga sabab nima? Taxminan bunday:
– aybi isbotlanmaguncha u gumonlanuvchi;
– jinoyatchi yoki jabrlanuvchidan biri mansabdor, hurmatli odam;
– jinoyatchiga juda yengil chora ko‘rilgan;
– tergovchi ikkalasini ham ayamoqchi;
– jazolanuvchi oqlanib ketishi mumkin.
Mayli, siz biror nuqtai nazarga keldingiz ham deylik, ammo ushbu maqolaning jurnalistikaga, oshkoralikka qancha daxli bor? Bu holat o‘quvchida huquq organlari yoki axborot bergan nashrga nisbatan ishonch o‘rniga ishonchsizlik uyg‘otmaydimi? U bolalar uchun chiqarilgan kitoblardagi cho‘pchakka o‘xshab qolmaydimi?
Bilaman, "Sud qarori chiqib, yuqori organ tomonidan tasdiqlanmaguncha birovni aybdor deya olmaymiz", deyishlari tabiiy. To‘g‘ri, amaldagi huquqiy norma bu. Lekin voqeaning o‘zini aytib o‘tish mumkin-ku. Masalan, "Falon ko‘chalar kesishmasida falon raqamli "Neksiya" mashinasi (ehtimol kimga tegishliligini ham aytsa bo‘lar) "Lasetti" mashinasi bilan to‘qnashib ketdi", deb yozish uchun qonunni buzish shart emas. Ikki mashina rasmini bersa ham bo‘ladi.
Bizda esa buning aksi. Vaholanki, o‘sha zahoti haydovchilarni ekspertizaga olib borishadi. Bu ma’lumot ham berilmaydi. Buning ustiga mashina davlat nomeri yechib qo‘yiladi.
O‘g‘irlik jinoyatida kimning uyida qachon, nima o‘g‘irlanganini aytish ham qonunga zid emas. Yoki shaxsiy nizolardan kelib chiqadigan mushtlashishlarda kim kimga qancha jarohat yetkazganini aytmasdan, ikkala tomon manzili va ism-shariflari to‘liq keltirilsa, nimasi yomon?
Jinoyatchilikka qarshi kurashda ochiqlik, oshkoralik odamlarda huquqbuzarlik va jinoyatga nisbatan aniq munosabat uyg‘otadi. Yanayam tushunarli aytsak, odamlarning jinoyatga, jinoyatchiga munosabati kuchli tarbiyaviy ta’sirga ega. Siz nima deysiz?