Jaholatga qarshi ma’rifat

O‘tgan 2017 yilda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar tashkil etishga kirishildi. Imom Buxoriy majmuasi qoshida hadis va kalom, Buxoroda hazrati Bahouddin Naqshband majmuasi qoshida tasavvuf, Qarshi shahrida Abu Mu’in majmuasi qoshida aqida, Farg‘onada fiqh maktablari o‘z faoliyatlarini boshlab, bugungi kunda ushbu maktablarda imom-xatib va ularning o‘rinbosarlaridan tanlov asosida qabul qilingan diniy xodimlar maxsus dasturlar asosida bilimlarini yanada oshirmoqda.
Hozirda yurtimizdagi kitob fondlarida 100 mingdan ortiq qadimiy qo‘lyozma va toshbosma noyob manbalar saqlanmoqda. Lekin ularning aksariyati hanuzgacha o‘rganilmagan, tadqiq etilmagan. 
Ushbu noyob manbalardagi hadislar va allomalarimiz o‘gitlarida Vatan, ota-ona, xalq manfaati, insonlarga mehr-oqibatli bo‘lish, yetimlar va miskinlarning boshini silash, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat kabi insoniy fazilatlar mujassamdir. 
Biz din nomidan turli qo‘poruvchi, jamiyat va xalq orasida har xil ig‘volarni tarqatuvchi, qo‘li qonga botgan, asl maqsadi xunrezlik bo‘lgan har qanday mutaassib oqimlar bilan aslo murosa qila olmaymiz. Muqaddas dinimizni himoya qilamiz. Bu yo‘lda qudratli davlatimiz va aziz allomalarimiz qoldirgan boy ilmiy merosga tayanamiz.

Zayniddin EShONQULOV, 
viloyat bosh imom-xatibi.