“Jartepa” postida bojsiz olib chiqilayotgan 87 million so‘mlik xurmo ushlab qolindi

“Jartepa” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Chevrolet Captiva” rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Haydovchi tomonidan og‘zaki so‘rov davomida ma’lum qilinmagan hamda bojsiz olib chiqish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan mahsulotlar borligi fosh etildi.

Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida avtotransport vositasida 290 ta qutiga joylangan, og‘irligi 1885 kilogramm “xurmo” mahsulotlari borligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati taxminan 87 million so‘mni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, mazkur tovarlar belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmagan hamda bojsiz olib chiqish me’yoridan ortiqcha ekani aniqlangan.

Holat yuzasidan tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.