Jasorat unutilmaydi

Ularning jasorati, fidoyiligi Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilib, davlat mukofotlari berilgan. 
Samarqandlik bu jasur chegarachilarning safdoshlari, viloyatimizdagi harbiy qism xizmatchilari yaqinda ularning xonadonlariga borishdi. Oila a’zolari bilan suhbatlashib, do‘stlarini xotirlashdi. Sovg‘a-salom, oziq-ovqat mahsulotlari topshirishdi.
Shundan so‘ng xotira kechalari jasoratli chegarachilar ta’lim olgan maktablarda davom etdi.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 14-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda ona yurtimiz xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun jonini fido qilgan harbiy xizmatchi B.Ergashevning safdoshlari, ustozlari va sinfdosh do‘stlari uning jasorati, yuksak insoniy fazilatlari haqida o‘quvchilarga so‘zlab berdilar.
– Vatanimiz chegaralari muqaddas va uning daxlsizligini ta’minlashni biz yuksak sharaf deb bilamiz, – deydi harbiy xizmatchi Iqboljon Ro‘ziboyev. – Ana shu sharafli vazifani bajarish chog‘ida halok bo‘lgan safdoshlarimiz esa hamisha bizning qalbimizda yashaydi. Ularning jasorati yoshlarimizni vatanparvar, mard insonlar bo‘lib kamolga yetishiga yordam beradi.