Jomboylik Dildora respublikada birinchi

Toshkent viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Illatlarga qarshi birgalikda kurashaylik” mavzusida insholar tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘quvchilarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirib, ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va toksik moddalar iste’mol qilinishining oldini olish hamda OITS kasalligining salbiy oqibatlari haqida ularda tushuncha uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 28 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. Tanlov qatnashchilari tasviriy san’at va mohir qo‘llar yo‘nalishi bo‘yicha kuch sinashdi.

Ishtirokchilarning ijodiy ishlari malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, mohir qo‘llar yo‘nalishi g‘olibligi Jomboy tumanidagi 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Dildora Rahmatovaga nasib etdi.

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.