Kasaba uyushmalari faollari samarqand tajribasini o‘rganishdi
Kengashning barcha viloyatlar bo‘yicha mas’ullari qatnashgan seminarda Samarqanddagi ta’lim, fan va madaniyat yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan korxonalarning boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari ishi o‘rganildi. Xususan, seminar ishtirokchilari «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyatida bo‘lib, bu yerda ishchi xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Seminarda O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi R.Bedilov, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov va boshqalar boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati, tashkilotlarda kasaba uyushmasi hamda ish beruvchi o‘rtasida tuzilayotgan jamoa shartnomalarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan tahririyatning bir guruh faol xodimlariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari Samarqand shahridagi 21-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyatini o‘rgandi. Samarqand davlat chet tillar institutida respublika kengashi rayosatining o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.