Korrupsiyaga kurashish uchun inson omilini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda

AT Xalq banki Samarqand viloyati mintaqaviy markazi va uning joylardagi tuman (shahar) bank xizmatlari markazlari xodimlari uchun viloyat prokuraturasi hamda bankning ichki nazorat va komplayens xizmati xodimlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv seminar o‘tkazildi.

Seminarda viloyat prokuraturasi mas’ul xodimi J.Sharopov Prezidentimizning 2024 yil 21 iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. Bank xodimlariga mijozlarga kredit ajratilishida, pensiya va nafaqa to‘lovlarini to‘lashda va boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatishda o‘zlashtirish, korrupsiya holatlariga aralashmaslik, bank xodimlariga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari va ularning huquqiy oqibatlariga to‘xtaldi. Bank kredit portfelida muammoga aylangan kreditlarni undirishning ahvoli, kreditlarning undirilishi bo‘yicha qilinadigan ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tadbirda yig‘ilganlar Xalq banki tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, inson omilini kamaytirish va byurokratik to‘siqlarning oldini olish maqsadida  “Hazna” ilovasi ishga tushirilib, fuqarolarga ajratiladigan ta’lim krediti, mikroqarz, avtokredit, ipoteka kreditlari elektron onlayn tarzda masofadan ajratilishi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlashdi.

Bundan tashqari, bankka qarashli to‘rtta yagona kassa markazlarida naqd pulda pensiya oluvchi 70 494 nafar fuqarolarning pensiya mablag‘lari faqat ularning shaxsan o‘ziga berilishini nazorat qilish uchun Face ID tizimi joriy etilgan. 20 ta bank xizmatlari markazlarida “Elektron navbat” qurilmalari o‘rnatilib, navbatsiz xizmatlar ko‘rsatilishi va fuqarolarning xuquqlari buzilishining oldi olinmoqda.