Korrupsiya haqida nimalarni bilasiz?

Jamiyatda jinoiy "xufyona iqtisodiyot"ning mavjud bo‘lishi uyushgan jinoyatchilikni keltirib chiqaradi. Davlat hokimiyati tuzilmalarining turli bo‘g‘inlari va turli darajalari vakillari ham uning yo‘ldan ozdiruvchi ta’siriga tushib qoladi. Korrupsiya vujudga kelib, u eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanadi. Bu esa jinoyatchilik va korrupsiya jamiyatga keltiradigan salbiy oqibatlar tufayli jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdiddir.
Islom KARIMOV.

Aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘tirib olgan amaldorlar faoliyatidagi otangga bor, onangga bor qabilidagi sansalorlik holatiga endi toqat qilib bo‘lmaydi.
***
"Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak" degan prinsip barcha bo‘g‘indagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi kerak.

Shavkat MIRZIYoYeV.


Har qanday davlat tizimida qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarning noqonuniy yo‘l bilan boyishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
ARISTOTEL,
yunon faylasufi.

***
Asrlar tajribasidan ma’lumki, har qanday hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan shaxs, uni suiiste’mol qilishga moyil bo‘ladi va u ma’lum bir maqsadga erishmaguncha shu yo‘nalishda yuradi.
Sharl MONTESKE,
fransuz mutafakkiri.

***
Korrupsionerlarni do‘zaxning eng qorong‘u va eng chuqur joyiga tashlash kerak.
DANTEning "Do‘zax" asaridan.
***

Gunoh yo‘li bilan boylik orttirib, bunga quvongan kishining quvonchi – baxtsizlikdan ham yomon.
Ochko‘z kishi bilan birga bo‘lma va unga hukmronlikni ishonma.
O‘z boyliklaridan qoniqmasdan faqat uni ko‘paytirish to‘g‘risida o‘ylaydigan boy qashshoqdir. O‘zida boriga quvonib, uni ko‘paytirish to‘g‘risida o‘ylamagan qashshoq boydir.
Ochko‘zlik – bu zaruridan ortig‘iga ega bo‘lish istagidir.
"AVESTO"dan.
***
Nomusli kishida halol yashash istagi kuchli bo‘ladi.
Benedikt SPINOZA,
golland faylasufi.
***

Agar firibgarlar halollikning barcha afzalliklarini bilishganida, ular o‘z foydalari uchun hech qachon muttahamlik qilmagan bo‘lar edilar.
Benjamin FRANKLIN,
AQSh davlat arbobi. 

***
Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.
Mahmud az-ZAMAXShARIY.
***

Xalq poraxo‘r rahbarning yuziga tupuradi. Lekin bu rahbar bilan xalqning o‘rtasida hukumat stoli bor. Ba’zan tupuk poraxo‘rning yuziga yetib bormay, o‘sha tabarruk stolga tushadi.
Abdulla QAHHOR.

Biz qaysi hollarda korrupsion holatni ko‘rishimiz mumkin?

1. Noshud, no‘noq, yaxshi o‘qimagan farzandimizni yuqori maoshli yoki nufuzli idoraga ishga qo‘yganimizda;
2. Qurilishdan xabari yo‘q odam ob’yekt tenderida yutib chiqqanida;
3. Tashkilot rahbari komissiya yoki tekshiruvchini "tinchitish" uchun bizdan pul  yiqqanida;
4. Bolalar bog‘chasida bir oilaning kamida uch nafar a’zosi ishlaganida;
5. Shifokor "xizmat haqi"ni olgachgina bemorni operatsiya qilishga kirganida;
6. Yem omboridan ferma mollari uchun olayotgan ozuqaning har tonnasiga 500 ming so‘mdan naqd ustama berganimizda;
6. Davlat xizmatchisi tog‘asi, jiyani nomiga restoran yoki do‘kon qurayotganida;
7. Butun oila a’zolari: ota-ona, aka-uka, qaynota-qaynona huquq-tartibot idoralarida mas’ul lavozimda ishlaganida;
8. Kadrlar tanlash va tayinlashda oshkoralik bo‘lmaganida;
9. Yuqori tashkilotga yuborgan arizamiz tekshirish va o‘rganish uchun yana o‘zimizning rahbarimiz qo‘liga kelib tushsa;
10. Farzandimizni nufuzli maktabga pora evaziga joylashtirsak;
11. Shikoyat yozgan kishining o‘zining faoliyatini tekshirib ketishsa;
12. Sudda bitta muammo yoki nizo ishi besh-olti yillab qayta-qayta ko‘rilaversa.

Endi o‘zingizga savol berib ko‘ring: Siz poraxo‘r, poraxo‘rning farzandi, eri yoki xotini, umuman, qarindoshi bo‘lishni istaysizmi?