Kuch – adolatda

Bu idoralarda yil boshidan buyon o‘z muammolari, dardu tashvishlari, shikoyat va arzlari bilan ostona hatlagan aholining minglab murojaatlari o‘rganildi. Qanchalab insonlarning huquqlari tiklandi, uysizlar uyli, ishsizlar ishli bo‘ldi. Xalq qabulxonalari mutaxassislari murojaat qay mazmunda bo‘lmasin, sinchiklab o‘rganishdi, zarur joyda tegishli tavsiyalar, tushuntirishlar berildi. Hatto urishgan opa-singillarni yarashtirishga ham to‘g‘ri keldi.  
– Murojaat qiluvchilar orasida turmush o‘rtog‘i, qaynonasi, kelini, qo‘shnisidan shikoyat qilib kelayotganlar ham bor, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondining viloyat Xalq qabulxonasidagi vakili Dilovar Rahimova. – Mahalla vakillari tomonidan ko‘rib chiqiladigan murojaatlarning katta qismi oilaviy mojarolar bilan bog‘liq. Albatta, bu masalalarga yechim topish har doim ham oson kechmaydi. Chunki oilada, mahallaning o‘zida hal bo‘lmaganligi uchun kishilar Xalq qabulxonasiga murojaat qilishadi. Ammo mahallasi xabardor emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu yerga kelayotganlar ham ko‘pchilik. 


Oilaviy mojarolar bilan bog‘liq murojaatlar ildizini surishtirsak, erning muqim ish joyi yo‘qligi, ichkilikka berilgani sababli janjal kelib chiqayotgani, qaynana kelini bilan, kelin esa qaynana bilan nizolashayotgani ma’lum bo‘ladi.
Nurobod tumani, Jom qishlog‘idan arz bilan kelgan 35 yoshli juvon ichkilik tufayli oilada har kun janjal bo‘lishi, bu masalaga qanday yechim topishni bilmayotganini aytadi. «2 yashar bolam bor, yana farzand kutyapman. Lekin haligacha qaynanamning ko‘nglini ololmadim, yashagani qo‘ymaydi», deydi Urgut tumanidan murojaat qilgan S. ismli fuqaro. Bunday mazmundagi murojaatlar anchagina. 


Viloyatda ish olib borayotgan Xalq qabulxonalariga 2017 yilning 15 dekabriga qadar 32 625 murojaat kelib tushdi. 20 565 yozma murojaat tegishli tashkilotlar orqali o‘rganilgan bo‘lsa, 12 060 og‘zaki murojaatga Xalq qabulxonalarining o‘zida huquqiy maslahatlar, tushuntirishlar berildi. Murojaatlarning asosiy qismi uy-joy, yer masalasi, gaz, elektr energiyasi ta’minoti, kommunal to‘lovlarni hisoblash, ish bilan ta’minlash, moddiy yordam masalalarida kelib tushgan. Tuman va shaharlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p murojaat Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Past Darg‘om, Qo‘shrabot, Paxtachi, Nurobod, Ishtixon tumanlaridagi Xalq qabulxonalarida qayd etilgan. 


Tuman Xalq qabulxonalariga bo‘layotgan murojaatlarning asosiy qismini kommunal to‘lovlar, ish bilan ta’minlash, uy-joy, yer masalasi, aliment undirish va moddiy yordam masalalari tashkil etadi. Aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi muammolar bir qadar yechimini topgan bo‘lsa-da, noreal qarzdorlik haqida shikoyatlar ko‘p. Targ‘ibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, aholining huquqiy savodxonlik darajasi yetarli deb bo‘lmaydi. 
Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi G.Razzoqova viloyat Xalq qabulxonasiga takror murojaat qilayotganlardan. Ayol mahalla vakillari qizi bilan kuyovining ajrashib ketishiga jim qarab turishganidan norozi. Uning arzi shunday – mahalla raisiga chora ko‘rilishi kerak. Vaholanki, mahalla vakillari yoshlarning oilasini saqlab qolishga harakat qilgan. Qizining turmushi buzilgan onani ham tushunish mumkindir, lekin uning talabini to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. 
Quyidagi murojaat ko‘pchilik onalarning yuragini larzaga solsa ajab emas. Turmushidan ajrashgan ayol go‘daklarini bolalar uyiga topshirishda yordam so‘rab Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Farzandlari uchun yetarli miqdorda aliment pulini olib tursa-da, u chet davlatda ishlab, pul topmoqchi. Go‘daklari taqdirini esa osongina hal qilmoqchi bo‘libdi. Farzandini bolalar uyiga topshirish uchun u onalik huquqidan mahrum etilishi kerak. Bolalarning otasi-chi, tirik bo‘laturib, bunga jim qarab turarmikan? Otasiz, onasiz, yo‘lga termulib o‘tirgan bolalar oz deysizmi?