Maktab va kutubxonaga yo‘l ko‘rsatkichi bo‘lsa…

Yo‘l ko‘rsatkichlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va kutubxonalar joylashgan manzillarga yo‘l boshlovchi belgilar tarzida o‘rnatilsa, ma’rifatparvarlik ishiga munosib hissa qo‘shilgan bo‘lar edi. Chunki farzandlarimiz tarbiyasida, ayniqsa, ularning siyosiy va ijtimoiy-ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda bog‘cha, maktab hamda kutubxona asosiy omil hisoblanadi. Hech bir inson saboq olmasdan turib, takomil ma’naviy bilimlarni egallay olmaydi. Hayoti davomida duch bo‘ladigan shaxsiy muammolar, oilaviy va ijtimoiy munosabatlarda yuzaga keladigan voqea-hodisalarga to‘g‘ri, adolatli yechim topa olmaydi.

Shu o‘rinda barkamol avlod tarbiyasida alohida o‘ringa ega bo‘lgan kutubxonalar mohiyati kattaligini ta’kidlamoqchiman. Bizning bolalik va yoshlik davrimizda maktablar kutubxonasidan istalgan badiiy, hatto siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy mazmundagi adabiyotlarni topsa bo‘ladi. O‘nlab davriy nashrlar sonma-son jamlanib, tikilgan holda saqlanganligining o‘zi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otar edi.

Balkim shuning uchundir, kutubxonalar doimo o‘quvchilar bilan gavjum, adabiyotlar esa qo‘lma-qo‘l o‘tib, o‘qilardi. Xuddi shunday holatni qishloqlardagi kutubxonalarda ham kuzatar edik. Hozir mahallalarda kutubxonalar deyarli yo‘q.

Yaqinda matbuotda urgutlik taniqli adib Abdusaid Ko‘chimov o‘z qishlog‘ida kutubxona ochganligi haqidagi xabar tarqaldi. Bu shoir, jurnalist va ma’rifatparvar insonning haqiqiy vatanparvarlik, elparvarlik fazilatlari belgisi, deb qabul qildim. Qani edi bunday tashabbus har bir mahalla – qishloqda bo‘lsa…

Yo‘ldosh SUYuNOV,

«Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni sovrindori.