Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qamrov oshdimi?

Mamlakatimizda yildan – yilga aholi sonining ko‘payib borayotgani maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bo‘lgan ehtiyojning ham oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois bugun davlat qaramog‘idan tashqari xususiy, davlat – sheriklik asosidagi yoki oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatiga keng imkoniyatlar berilmoqda. 

Fakt va raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, birgina 2025 yilda viloyatda 132 ta, ya’ni 11 ta davlat, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 113 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochilgan. Buning hisobiga viloyatda qo‘shimcha 11761 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan. Bugun viloyatda maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalarning 75,6 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan qamrab olingan.

- Maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi past bo‘lgan olis hududlarda, jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta, 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 104-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta, 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta, jami 10 ta guruh “Aqlvoy” loyihasi doirasida tashkil etildi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Furqat Jiyanov. - Shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 2 ta ISUZU avtobusi negizida 174 nafar bog‘cha yoshidagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida viloyatdagi 763 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga umumiy qiymati 8 milliard 150 million so‘m bo‘lgan 763 ta o‘yin maydonchasi hamda tayyorlov guruhlari uchun stol-stullar yetkazib berilgan.

Toyloq “Ilk rivojlanish markazi” tajribasi asosida Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida ham shunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 1500 o‘rin yaratilgan.

Viloyatda 2026 yilda viloyatdagi mavjud 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rekonstruksiya qilinib, 1,5 mingga yaqin yangi quvvat yaratiladi. Shuningdek, 3 ta maktabgacha davlat ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlanadi. 19 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 139 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, Urgut tumanida 10 ta yangi zamonaviy 1200 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilib, qamrov darajasi 73,6 foizga yetkaziladi. 

Xurshida ERGAShEVA.