Maktablarga kuzatuv kengashi kerakmi?

Keyingi vaqtlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida uchrayotgan ayrim muammolar o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishiga ta’sir o‘tkazmay qolmayapti. Bu o‘z navbatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni talab etadi.

Xalq ta’limi vazirining 2018 yil 26 dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining “Kuzatuv kengashi” haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kuzatuv kengashining tashkil etilishi ushbu muammolarni bartaraf etishga xizmat qilayotir. Bunda ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayonini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Kuzatuv kengashi a’zolarining soni cheklanmagan. Faqat 7 nafardan kam bo‘lmagan, toq sondan iborat tarkibda tuzilishi belgilab qo‘yilgan. Kengash tarkibi 3 yil muddatga ota-onalar, homiylar, sobiq pedagog va bitiruvchilardan iborat bo‘ladi. Yig‘ilishlar esa kamida uch oyda bir bor o‘tkaziladi.

E’tirof etadigan jihati shuki, kengash ta’lim muassasasining moliyaviy hisobotlari, homiylik va xayriya mablag‘larining kirim qilinishi, sarflanishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish vakolatiga ega. Shuningdek, maktabning rahbar va pedagog xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, mablag‘larning kommunal to‘lovlarga maqsadli sarflanishini o‘rganib chiqish, maktab rahbariga o‘z taklifini bildirish korrupsion holatlarning oldini olishda o‘z takliflarini bildirishi mumkin.

Bugungi kunda tumanimizda mavjud 135 ta umumta’lim maktabida ana shunday kuzatuv kengashlari tashkil etilgan bo‘lib, 1073 nafar fuqaro kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

G‘olib XOLIQOV,

Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limi

ta’lim muassasalari faoliyatini

tashkil etish sho‘’ba rahbari.