Mardlar hayoti – ibrat maktabi

Komsomol qo‘mitasida ishladi. Qo‘mita yo‘llanmasi bilan Tojikistonning Ko‘lob tumanidagi maktablardan biriga o‘qituvchi bo‘lib ishga bordi. U yerda Leningraddan kelib, rus tilidan dars berayotgan Mariya Smirnova bilan tanishib, oila qurdi. Ahmadjonning zukko yigitligini ko‘rgan tuman harbiy komissariati uni Tambov harbiy bilim yurtiga o‘qishga yubordi. 
1941 yilda o‘qishni tugatib, uyiga qaytayotgan vaqtda urush boshlandi. Ahmadjon frontga jo‘nadi. Bo‘lim, rota va batalon komandiri bo‘ldi. Dushmanni quvib, Polshagacha bordi. Ularning bir nechta harbiy texnikasi, 200 dan ortiq askarlarini asir olishdi. Ko‘rsatgan jasorati uchun Ahmadjon Qurbonov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan mukofotlandi. Uning bataloni Narva daryosini kechib o‘tayotgan paytda dushman hujumiga uchradi. 1945 yilning 6 fevralida Ahmadjon qahramonlarcha halok bo‘ldi. 
Urush yillarida Ahmadjon Qurbonov singari minglab vatandoshlarimiz frontda qahramonlik ko‘rsatdilar. Ularning ko‘pchiligiga ona yurtiga qaytish nasib qilmadi. Misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talafotlar hisobiga insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishda hissa qo‘shdilar.
Men Ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan ana shu jasur yigit Ahmadjon Qurbonovning jiyaniman. Yoshlarga u kishining jasorati, tinchlik uchun kurashdagi xizmatlari, o‘sha yillarda mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan, qayg‘u-alam girdobida jon bergan kishilarning hayoti haqida hikoyalar so‘zlab beraman. Sabr-bardoshli, metin irodali ota-bobolarining hayotini yoshlarga namuna qilib ko‘rsataman. Urushdan omon qaytib, bugungi kunlarga yetgan nuroniylarni ziyorat qilishga undayman.