Markaziy bank valyuta operatsiyalari qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha izoh berdi

Markaziy bank valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha bildirilayotgan taklif va mulohazalarga munosabat bildirdi.

O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Tuzatishlarda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chet el valyutasini xarid qilish ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur hujjatga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar valyuta operatsiyalarini cheklash yoki qat’iylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi.

Xususan, loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

➖yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish;
➖amaldagi normalarni turli xil talqin qilish holatlarining oldini olish maqsadida, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda banklarga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarni aniq belgilash;
➖chet el valyutasini sotib olish buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish;
➖xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hamda norezident jismoniy shaxslarga valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish;
➖bank kassalari orqali mijozlarga naqd chet el valyutasini chiqim qilish bilan bog‘liq normalarni umumlashtirish.