Marsda okean topildi
Dunyo olimlari Marsni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni bir zum bo‘lsa-da to‘xtatgani yo‘q. Ular, avvalo, qizil sayyorada suv topish vazifasini o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan.
Bu bejiz emas. Chunki suv bor joyda hayot bo‘ladi. Agar Marsda suv topilsa, uni mustamlakaga aylantirish imkoniyati tug‘iladi. Negaki, Marsni egallab olish uchun Yerdan suv tashib borishning imkoni yo‘q.
Marsda suv borligi izlari bo‘lsa-da, uzoq vaqt olimlarning omadi kelmadi. Qurigan dengizlar, katta daryolar turgan-bitgani jumboq edi. Suv qayerga ketgan? Agar suv to‘liq bug‘lanib ketgan bo‘lsa, uni qidirishdan ne foyda?
Ammo hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Marsda suv bor ekan! U hech qayoqqa yo‘qolmagan, tuproq ostiga chuqur singib ketgan. O‘nlab kilometr chuqurlikdagi suvni marsaxod ilg‘ay olmagan, xolos. Faqat to‘rt yil oldin apparat orqali olingan ma’lumotlar sinchiklab tadqiq qilinganda, suv (okean) tuproq ostida 2 kilometr qalinlikdan keyin 11,5 kilometrdan 20 kilometrgacha chuqurlikda sayyorani deyarli butun hududini egallab olgani aniqlandi.
T.Shomurodov tayyorladi.