Mehnat qilishga imkoniyat berildi, ammo undan foydalanish nega qiyinlashdi?

Ba’zan inson hayotida shunday lahzalar bo‘ladiki, oddiy bir suhbat ortida butun bir taqdir yashiringanini sezib qolasan...

Yaqinda o‘zimdan kattaroq bir tanishimni uchratib qoldim. Hol-ahvol so‘rashdan boshlangan suhbat bir zumda hayotning achchiq haqiqatlari, insonning sabri va tizim oldidagi savollar haqidagi og‘riqli mulohazaga aylandi.
Uning yuzida charchoq bor edi. Ammo bu charchoq mehnatdan emas, yo‘lda uchrayotgan to‘siqlardan edi.
U yo‘l chetida turgan uch g‘ildirakli motorollerga ishora qildi.
- Uka, mana shu motoroller mening tirikchiligim...

U bu gapni oddiy aytdi. Ammo bu oddiy jumla emasligini darrov his qildim. Chunki ba’zi narsalar inson uchun buyum bo‘lib qolmaydi. Ular hayotning bir qismiga aylanadi.
Uning uchun bu uch g‘ildirakli motoroller shunchaki temir va motordan iborat texnika emas edi. Bu uning rizqi. Bu uyiga kirib kelayotgan halol mehnat samarasi. Bu ertalab uyidan chiqib, «men ham oilam uchun kerakman», degan ishonch bilan yashash imkoniyati edi.
- Shu bilan ro‘zg‘orimni tebrataman, uka. Sut-qatiq sotaman, hovlimdan chiqqan mahsulotlarni, yetmasa odamlardan olib bozorga chiqaraman. Shuning ortidan kun ko‘raman. Davlatning imtiyozli kreditiga olganman. Uni ham to‘lashim kerak. Aliment majburiyatim bor. Men hech kimdan tekin narsa so‘ramayapman. Faqat ishlab, halol mehnat qilib yashamoqchiman...
Uning ovozida shikoyatdan ko‘ra alam bor edi. U davlatga boqimanda inson emas. Aksincha, berilgan imkoniyatdan foydalanib, o‘z hayotini o‘zi qurishga harakat qilayotgan inson.
Ammo ba’zan insonni hayotning o‘zi emas, insonlar yaratgan tushunarsiz to‘siqlar ko‘proq charchatadi.
- Lekin shuni ham bemalol hayday olmayapman, uka...
- Nega, aka? - deb so‘radim.
U bir lahza jim qoldi.
- Chunki pravam yo‘q...

Bu javob oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo uning ortida katta bir muammo bor edi.
- Axir sizda "B" toifali guvohnoma bor-ku.
- Bor, uka. Lekin bu motoroller uchun "A" toifasi kerak ekan. Uni olish uchun ikki g‘ildirakli mototsiklda imtihon topshirishim kerak.
Uning keyingi gaplari esa inson va tizim o‘rtasidagi eng muhim savolni o‘rtaga tashladi.
- Uka, men har kuni uch g‘ildirakli motoroller haydayman. Mening ishim ham, rizqim ham shu. Lekin imtihonda ikki g‘ildirakli mototsiklga o‘tqazishadi. Mening oyog‘im oddiy emas-ku...
Uning hayot yo‘liga nazar tashlasangiz, bu gaplarning sababini tushunasiz.
45 yoshli bu inson suyak yemirilishi kasalligi sabab og‘ir operatsiyani boshdan kechirgan. Oyog‘iga plastik konstruksiya o‘rnatilgan. Va yana operatsiya qilish kerak ekan.

U harakat qilish uchun ham katta iroda kerak bo‘lgan hayotni yashab kelmoqda.
- Ikki g‘ildirakli mototsiklni to‘xtatib, uni oyoq bilan ushlab turish men uchun biroz qiyin. Men amalda boshqarayotgan transportimda emas, umuman foydalanmaydigan texnikada imtihon topshirishim kerak ekan. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Bu savolga javob topish oson emas. Chunki bu yerda gap faqat haydovchilik guvohnomasi haqida emas, gap insonning imkoniyati, uning mehnati va adolatli yondashuv haqida ketmoqda.
U yana bir savolni o‘rtaga tashladi.
- Qara, davlat tomonidan kambag‘al oilalarga necha yildan beri uch g‘ildirakli motorollerlar berilmoqda, to‘g‘rimi?
- Ha, eshitganman.
- Endi o‘ylab ko‘r. Ularning ham aksariyatida men kabi "A" kategoriyali prava bo‘lmasa kerak. Axir bu motorollerlar odamlar kunini ko‘rsin, ro‘zg‘orini tebratsin, pul topsin deb berilgan emasmi?
U biroz to‘xtadi.

- Agar bizga mehnat qilish uchun imkoniyat berilgan bo‘lsa, nega keyin shu imkoniyatdan foydalanish yo‘li qiyinlashadi? Nega biz yana sarson bo‘lishimiz kerak?
Bu savollar faqat uniki emas. Chunki bugun shunday transport vositalari orqali tirikchilik qilayotgan qancha inson borligini hech kim aniq bilmaydi.
Tanishim ikki marta amaliy imtihon topshirgan. Ikki marta ham umid bilan borgan. Ikki marta ham «bu safar o‘taman», degan ishonch bilan kirgan.
Ammo natija uni qoniqtirmagan.
- Ikki marta yiqildim. Endi yana qancha sarson bo‘lishim kerak? Yana qancha odamlar ovora bo‘ladi?
Uning yana bir og‘riqli gapi imtihon jarayonining shaffofligi haqida bo‘ldi.

Bugun texnologiyalar rivojlangan davrda yashayapmiz. Ammo uning aytishicha, imtihon maydonchasida zamonaviy videokuzatuv tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada insonning taqdiri kimningdir qo‘lidagi telefon videosiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
- Uka, nega kameralar o‘rnatilmaydi? Nega odam o‘z xatosini ko‘rish imkoniga ega emas? Nega orqasidan telefon ko‘tarib yurgan odamning videosi asosiy dalil bo‘ladi? Agar xatolik bo‘lsa, nega uning azobini oddiy odam tortishi kerak?

U biroz sukut qildi.
So‘ng og‘ir nafas olib:
- Nega?.. - dedi.
Ba’zan birgina «nega?» degan savolning o‘zi yuzlab sahifalik izohdan ham kuchliroq ta’sir qiladi.
Bugun bir marta amaliy imtihon topshirish uchun katta mablag‘ talab etiladi. Tayyorgarlik, mashg‘ulotlar, yo‘l xarajatlari va qayta urinishlar bilan u allaqachon 5 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaganini aytdi.
Bu kim uchundir oddiy raqam bo‘lishi mumkin. Ammo zo‘rg‘a ro‘zg‘or tebratayotgan inson uchun bu katta mablag‘. Endi uning oldida og‘ir tanlov turibdi.
Haydasa huquqiy muammo yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan jarimaga tortiladi. Haydamasa, tirikchilik to‘xtaydi. Sotsa, yagona daromad manbaidan ayriladi. Sotmasa, yana imtihonlar, yana xarajatlar, yana sarsonlik.

Xo‘sh, bunday vaziyatda kishi nima qilishi kerak?
Bu savolga javob nafaqat bir fuqaro uchun, balki shu kabi holatga tushishi mumkin bo‘lgan ko‘plab insonlar uchun muhim.
Chunki davlat tomonidan berilgan har qanday imkoniyatning maqsadi insonni qo‘llab-quvvatlash. Uning oldiga yangi devorlar qo‘yish emas.
Kambag‘allikni qisqartirish, aholiga mehnat qilish imkoniyatini yaratish haqida gap ketar ekan, quyi bo‘g‘indagi tushunmovchiliklar va mos kelmaydigan talablar ana shu maqsadlarga to‘siq bo‘lmasligi kerak.

Baxtiyor Mustanov.