Muhlat kimga berildi?
Yigitning aytishicha, u bir necha bor o‘zi istiqomat qilayotgan, qolaversa, rafiqasi yashayotgan Xo‘jamazgil mahalla fuqarolar yig‘iniga borib, oilasini yarashtirish uchun ko‘mak so‘ragan. Ammo natija bo‘lmagan. Shundan so‘ng tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat etishga majbur bo‘ladi. Oiladagi kelishmovchiliklarni birma-bir aytib o‘tishni lozim topmadik. Ehtimol, oilani yarashtirishning imkoni yo‘qdir. Ammo oilamni tashlab qo‘ymoqchi emasman, deb turgan yigitga tuman xotin-qizlar qo‘mitasining javobini o‘qib, to‘g‘risi, kulishni ham, yig‘lashni bilmay qoldik. Quyida ushbu javob maktubi keltirilgan:
"Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani, "Qirqshodi" mahallasida yashovchi fuqaroning tuman hokimligi nomiga yozgan arizasi tuman hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, "Qirqshodi" MFY faollari tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqildi va quyidagilar aniqlandi.
O‘rganish jarayonida kuyov va kelin qonuniy nikoh asosida turmush qurganligi, turmushlaridan bir nafar farzandlari bor, 3 oy birga yashaganligi, turmushlari davomida juda ko‘p kelishmovchiliklar bo‘lganligi sababli qizi otasining uyida farzandi bilan yashab kelayotganini bildirdi. Mahalla yarashtirish komissiyasi tomonidan yarashtirish choralari ko‘rilganda kuyov turmush o‘rtog‘iga ota-onasidan voz kechsagina birga yashashini bildirgan, ushbu oilani murosaga keltirishning imkoniyati bo‘lmagan.
Hozirda kelin farzandi bilan kasalxonada davolanayotganligi sababli muhokamada ishtirok eta olmadi. Ushbu oilani yarashishlari uchun muhlat berildi.
Tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sh.Pardayeva".
Javob xati o‘tgan yilning 10 oktyabrida berilgan. Ehtimol, vaqt o‘tgach, bu masala o‘rganilar, degan maqsadda uni shu paytga qadar gazetada e’lon qilmay turgandik. Ammo oradan uch oy o‘tdi. Qiziq, muhlat kimga berildi o‘zi? Oilamni yarashtirib bering, degan arizachigami, mahalla fuqarolar yig‘inigami yoki tuman xotin-qizlar qo‘mitasining o‘zigami? Nima, xotin-qizlar qo‘mitasi sud idorasimidi, oila yarashishi uchun muhlat beradi?