Nuroboddagi bog‘chada kamchiliklar tuzatildi

Zarnews.uz sayti va “Zarafshon” gazetasida berilgan “MTM: Nurobod qamrovi eng past tuman. Nega?” sarlavhali maqola yuzasidan Nurobod tuman hokimligi munosabat bildirdi.

Unda jumladan shunday deyiladi:

Bugungi kunda tumanimizda 3-7 yoshli bolalar soni 13888 nafarni tashkil etib, ularning 2360 nafari, ya’ni 17 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan.

Maqolada qayd etilganidek, bu yil dastur asosida O‘rtabo‘z va Olg‘a qishloqlarida (har biri 160 o‘rinli, loyiha qiymati 7,0 mlrd. so‘mlik) 2 ta davlat MTM qurilmoqda. Shuningdek, 6 ta xususiy nodavlat, 9 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 10 ta oilaviy bog‘cha tashkil etiladi.

Shuning hisobiga yil yakuniga qadar tuman bo‘yicha 3830 nafar, ya’ni                   27,5 foiz maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni bog‘chalarga qamrab olish rejalashtirilgan.

Maqolada keltirilgan Bunyodkor mahallasidagi 7-maktabgacha ta’lim muassasasida (maqolada 1-MTM) elektr energiyasi ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘lishi bo‘yicha tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i V.Fayziyevga aniq ko‘rsatmalar berilib, ogohlantirildi. Shuningdek, ushbu muassasada mehnat ta’tilida bo‘lgan tarbiyachi B.Yusupova o‘rniga hamshira D.Idiyevaning ishlayotgani yuzasidan mudira M.Elboyeva ogohlantirildi va guruhga tarbiyachilik qilish I.Yaxshiboyevaga topshirildi. Qayd etilgan boshqa kamchiliklar ham tuzatildi.

Tumanda kelgusida bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirishda bundan buyon ham OAV bilan faol hamkorlik qilishimizni bildiramiz.