O‘zbek jurnalistlari o‘z pozitsiyasiga ega
Ushbu seminarning birinchi mashg‘uloti bundan yetti yil avval O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Unda dastlab vodiydagi viloyatlar ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashib, o‘zaro fikr almashgan bo‘lsa, keyinchalik boshqa hududlar jurnalistlari jalb etilgan.
– Asosiy maqsad – jurnalistlarning o‘zaro tajriba almashishi va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratishdan iborat edi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov. – Farg‘ona viloyatidagi gazeta tahririyatlari bilan bu boradagi ishlarimiz o‘z samarasini bera boshlagach, uni an’anaviy tarzda o‘tkazadigan bo‘ldik. Ushbu seminarni tashkil etish va qamrovini kengaytirish bilan birga, farg‘onalik jurnalistlarning respublikamiz bo‘ylab ijodiy safarlarini uyushtirishni ham boshladik. Shu paytgacha deyarli barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishdik. O‘zaro tajriba almashib, gazetalarning hamkorlikda sonlarini tayyorladik. Keyinchalik xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik.
Chimyon sihatgohidagi yettinchi o‘quv-medialageriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi ommaviy axborot vositalarining yuz nafardan ortiq vakillari qatnashdilar.
Seminar boshlanishidan bir kun oldin "Farg‘ona haqiqati" gazetasi tashkil etilganligining 100 yilligi munosabati bilan viloyat hokimining tantanali qabul marosimi o‘tkazilgani va farg‘onalik jurnalistlar, shoir va yozuvchilarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilgani bu yilgi o‘quvning ilk tadbiri sifatida e’tirof etildi. Ayniqsa, viloyat hokimligi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari viloyat bo‘limlariga "Matiz" avtomashinalari sovg‘a qilingani, 150 dan ortiq ijodkorning moddiy rag‘batlantirilgani yurtimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi, deb qabul qilindi.
Farg‘onaning so‘lim "Chimyon" sanatoriyasida tashkil etilgan besh kunlik o‘quv seminarda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti, tajribali jurnalist A.Meliboyev, "O‘zbekiston ovozi", "XXI asr", "Jamiyat", "Qishloq hayoti" gazetalari muharrirlari Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish jarayonlari, bu borada to‘plangan tajriba va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdilar.
– Mazkur o‘quv seminar Prezidentimizning 2017 yil 3 avgustda yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvda bayon etgan fikrlari, oldimizga qo‘ygan vazifalarining ijrosi bo‘yicha amaliy ishlarimizdan biri, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov. – Uchrashuvda Prezidentimiz jurnalistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimizda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlar jarayonlarini keng yoritish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish yuzasidan taklif va tashabbuslarni bayon etgan edi. Haqiqatan ham bugun zamon shiddat bilan o‘zgarayotgan, odamlarning tezkor axborotga ehtiyoji oshib, informatsion makonda raqobat kuchayayotgan bir paytda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar ham o‘zgarishi kerak.
Bu galgi medialagerda ilk bor xorijiy ommaviy axborot vositalarining o‘zbek tahririyatlari vakillari, yurtimizdagi muxbirlarining chiqishlari uyushtirildi. Garchi bu muloqotlar videomurojaat tarzida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ularning har bir fikri, o‘rtaga tashlagan masalalari ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, bahs-munozaralar uyg‘otdi.
To‘g‘risi, shu paytgacha "Amerika ovozi", "Ozodlik", BiBiSi radiolarida efirga berilgan xabar va tahlillar bizda o‘zimizning matbuotda aytilmaydigan gap sifatida deb ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otardi. Lekin bugun mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham davlat hokimiyati organlari faoliyatini ochiq-oydin yoritish, tanqidiy-tahliliy materiallarga keng o‘rin berilishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko‘zga tashlanmoqda. Prezidentimizning o‘zi bunday ochiqlikni ma’qullab, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni yoqlamoqda, jurnalistlarni faollikka chorlamoqda.
Shuning uchun ham seminar ishtirokchilari xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari fikrlariga o‘z munosabatini bildirib, ularning-da eskicha qarashlarini tanqid qilib, xolis fikrlarini qo‘llab-quvvatlashdi. E’tiborli jihati, o‘quvning dastlabki kunlarida ma’ruzachilarga faqat savol berayotgan tinglovchilar keyinchalik ularning fikrlariga qarshi o‘z pozitsiyalarini ifoda etdi. Bahs-munozaralar qizg‘in tus oldi.
Bu jurnalistlarning davr shiddatiga mos o‘zgarayotgani, o‘z qarashlariga ega bo‘layotganidan dalolat beradi. Qolaversa, Prezidentimizning 22 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasi ham seminar qatnashchilarining yuragidagi cho‘g‘ni alangalatib, ularga kuch bag‘ishladi.
Qariyb bir haftalik o‘quv jarayonida internet jurnalistika imkoniyatlaridan foydalanish, gazetalar saytlarini takomillashtirish va va ijtimoiy tarmoqlarda faollikni kuchaytirish, soha uchun kadrlar tayyorlash, obuna bilan bog‘liq muammolarga muassislar bilan birgalikda yechim topish, gazetalardagi tezkorlik va tahliliy-tanqidiy chiqishlarga keng o‘rin berish masalalari qizg‘in muhokama etildi. Bir qator gazetalar, internet saytlari taqdimoti o‘tkazilib, o‘zaro tajriba almashildi.
O‘quv-medialagerning asosiy xulosasi shunday bo‘ldi – jurnalistlar uchun bunday seminarlar juda zarur va kelgusida unda mamlakatimizning barcha hududlaridagi hamkasblar qamrab olinsa, ayni muddao bo‘ladi.
Folib HASANOV,
"Zarafshon" gazetasi maxsus muxbiri.
(Samarqand-Farg‘ona-Samarqand).