OIV infeksiyasini barvaqt aniqlash kasallikka qarshi samarali chora sanaladi
Viloyat OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida OIV infeksiyasining oldini olish, uning xavf omillari haqida xabardorlikni oshirish borasida tizimli va maqsadli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Aholining turli qatlamlarini qamrab olishga qaratilgan bunday targ‘ibot tadbirlarining navbatdagisi Past Darg‘om tumanidagi kunlik ishchilar markazida ishsiz fuqarolar ishtirokida tashkil etildi.
Tadbir davomida markaz mutaxassislari tomonidan OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari, uning oldini olish chora-tadbirlari, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzining ahamiyati haqida batafsil tushuntirish ishlari olib borildi.
Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga OIV infeksiyasiga nisbatan bee’tibor bo‘lmaslik, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va salomatlikka mas’uliyat bilan yondashish muhimligi alohida ta’kidlandi. Savol-javoblar orqali fuqarolarni qiziqtirgan masalalarga aniq va tushunarli javoblar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida fuqarolar ixtiyoriy ravishda OIV infeksiyasini aniqlash maqsadida zamonaviy ekspress-test usuli orqali bepul tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu esa kasallikni barvaqt aniqlash va zarur hollarda o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga mavzuga oid ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari, buklet va flayerlar tarqatilib, ular orqali OIV infeksiyasidan himoyalanish yo‘llari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.
Dildora Ahmedova,
viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach-epidemiologi.