O‘quvchilar 10-11-sinflarda hunar o‘rganishlari uchun xom-ashyo yetkazib beriladi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘tiladigan dars jarayoni uchun talab etiladigan xom ashyo materiallari bilan ta’minlash me’yorlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram kanali ma’lum qilmoqda.
Hujjatga muvofiq kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida tegishli hunarlarni o‘rganish uchun zaruriy asbob-uskuna va xom-ashyo bilan ta’minlanadi.
Bunda 10-11-sinflari o‘quvchilari hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib zargarlik, naqqoshlik, santexnik, sartarosh, kompyuter operatori, oshpaz, parda tikuvchi, kafelchi, bo‘yoqchi, gulqog‘oz yopishtiruvchi, shinomontajchi, novvoy kabi 38 turdagi kasb-hunarni o‘rganish uchun tegishli asbob-uskuna va xom-ashyolar yetkazib beriladi.
Masalan, sotuvchi-kassir kasbini o‘rgatish uchun dars jarayoni nazorat-kassa mashinalari, to‘lov terminallari va ular uchun chek lentalari bilan ta’minlanadi.