O‘quvchining viloyat hokimiga murojaati ijobiy hal etildi
Viloyat hokimi A.Boboyev o‘tayotgan haftaning payshanba kuni Ishtixon tumanidagi 96-umumta’lim maktabida yoshlar bilan muloqot qilganda, tumandagi 31-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jasmina Murtazayeva ko‘pchilik yoshlar uchun muhim masalani ko‘targandi. U viloyat rahbariga o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun turli fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlar olishga intilayotgani, biroq chekka hududlardagi maktablarda buning uchun qo‘shimcha adabiyotlar yetarli emasligini aytib, yordam so‘ragandi.
Mazkur murojaat asosida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan 31-umumta’lim maktabiga o‘quvchilarning ona tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikatga tayyorlanishi uchun kerak bo‘ladigan qo‘shimcha kitoblar topshirildi.
Bugungi kunda viloyatdagi 5000 nafarga yaqin o‘quvchilar til bilish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatga ega. Birgina Ishtixon tumanining 1000 nafardan ortiq o‘quvchilari turli fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.