Organ xodimlari farzandlariga idoraviy universitetlarga kirishda kvota ajratildi
Ichki ishlar organlarida ayni paytda ishlayotgan xodimlarning farzandlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga bundan buyon kvota asosida ta’lim olishadi, deb yozmoqda minbar.uz. Kvota Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun belgilangan umumiy qabul miqdorining 5 foizidan oshmasligi kerak.
Kvota qanday taqsimlanadi?
27 iyunda chiqqan hukumat qarorida aytilishicha, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga qo‘shgan hissasi, xizmat yoki ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan IIV xodimlarining farzandlarigagina kvota ajratiladi.
Qabul dastlabki va harbiy-professional tanlov natijalari hamda ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida amalga oshiriladi.
5 foizli qabul kvotalari harbiy-professional tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib, ketma-ketlikda taqsimlanadi.
Kvotalarga qabul qilinmagan nomzodlar to‘plagan ballari bilan umumiy tanlovda ishtirok etadilar, deyiladi xabarda.