Oy borib, omon qaytganlar

O‘shanda hamrohim ikkimiz bizdan ancha bo‘ydor, shamshoddek tik turgan askar soyasiga o‘zimizni oldik. Bosh uzra tanamizga rohatbaxsh huzur yugurdi.
– Buni qarang, – dedi hamrohim adlqomat yigitga ishora qilib. – Farzandlarimiz shu yerda ham bizni himoya qildi-ya.
– Orqatog‘imiz, ko‘z qarog‘imiz shular-da, – dedim g‘ururlanib. – Kerak bo‘lsa, osmonni ko‘tarishga tayyor ular. 
Tadbir boshlangach, askarlar saf tortib, shaxdam odimlab ketdi. Yelka, boshi, egnilari uzra qadalgan pogon, nishon va tugmalari ham quyosh nurida yarqirab, shu’la taratardi.
O‘tkirjon har safar qishloqqa kelganida bolalar tugul, kattalar ham ko‘chaga chiqib, qarshi olishadi. Yelkasida porlab turgan to‘rtta yulduzchaga havas bilan qarashadi. U Janubda xizmat qiladi. Sarhadlarimizni qo‘riqlaydi.
 Yurish-turishi, adl qomati, o‘ktamligiga hamma havas qiladi. Men ham unga ancha tikilib qolaman, mamlakatimiz taqdiri shunday yigitlar qo‘lida ekanligidan xotirjam tortaman.
Urgutda Sovg‘on degan qishloq bor. Qishloq nomiga hamma "harbiylar" so‘zini qo‘shib aytadi. Bundan oltmish yil oldin Sovg‘ondan bir yigit harbiylikka olingan. Olingan deganimiz shuki, u o‘zbeklardan chiqqan birinchi zobit bo‘lgan.
Ungacha hech kim ofitserlikka olinmagan-da. 
Bugun shu qishloqning o‘zidan yuz nafardan ortiq harbiy xizmatda. Ular ichida oddiy askardan tortib polkovnikkacha bor. Har yili kamida ikki-uch yigit oliy harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirmoqda. Sovg‘onga o‘xshagan yana qanchadan-qancha qishloqlar bor bu yurtda.
Odam bolasiga zavq-shavq va faxr bag‘ishlaydigan ana shunday farzandlarimiz kamol topayotganligini o‘ylasam, xayolimda yaqin o‘tmish – Ikkinchi jahon urushi hamda xalqimiz boshiga balo-qazo yog‘dirgan maqsadsiz Afg‘oniston urushining qonli kunlari qayta jonlanadi.
"Otam Stalingrad janglarida qatnashib, ikki oyog‘idan ajralgan. Qishloqqa ot aravada olib kelishgan".
"Otamning ukasi Egamberdi amakimiz yigirma yoshida urushga ketib, bedarak yo‘qolgan. Undan harbiy kiyimda tushgan bitta-yu bitta surat yodgorlik bo‘lib qolgan". "Otam tankchi bo‘lgan. Yong‘in tufayli ikki ko‘zidan ajralib qolgan. Vo darig‘".
Bunday nolalar, o‘kinishlar hech bir xonadonni chetlab o‘tmagan, shahid ketganlar, hali mo‘ylovi sabza urmagan, bir yorning sochini silash nasib etmagan o‘g‘lonlar qanchadan-qancha bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan 1,5 million kishi jalb qilingan. Shundan 400 mingga yaqini halok bo‘lib, begona yurtlarda qolib ketgan. 
O‘tgan asrda harbiy xizmatga chaqiriladigan yigitlarimizga ko‘rsatilgan munosabatlar endi oshkor bo‘la boshladi. O‘sha yillarda harbiy xizmatga chaqiriladiganlarning aksariyati qurilish yoki xo‘jalik ishlariga jalb qilingan. Qo‘liga loaqal bir marta bo‘lsa ham qurol ushlab ko‘rmagan ukalarimiz qancha? Til bilmasliklari bois ular kamsitilar, olis o‘lkalarga olib ketishga kelishgan askar yigitlardan dashnom eshitishlariga hamma ko‘nikib ham qolgandi.
Yaqinda taniqli bir jurnalist hamkasbimizning bundan qariyb o‘ttiz yil oldin bosilgan maqolasini o‘qib qoldim. Unda sobiq ittifoq davrida harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarimizga bo‘lgan munosabat ochiq-oydin ifoda etiladi.
Afg‘oniston urushi-chi? U qoldirgan jarohat xalqimiz qalbini hamon zirqiratadi, dillarni o‘rtaydi. 
– Qo‘shni qishloqdan bir yigitning jasadi keldi, – deydi otaxonlardan biri. – Tobut temir sandiqda edi. Ochishga ruxsat berishmadi. Aniqki, jasad ado bo‘lgan. Yigitning o‘zi o‘lganmi yoki birov urib o‘ldirganmi hech kim bilmaydi. Ota-onalar, yaqinlari faryodiga chidab bo‘lmasdi. Farzandimiz harbiy xizmatda edi. Sho‘rlik onasi Afg‘onistondan kelgan o‘likni ko‘rib, "Bolam, bolaginam", deya hushini yo‘qotdi. Kechga borib, uni tuproqqa topshirdik.
Bu o‘z jigargo‘shasini erta yo‘qotgan onalar faryodi, nidosi edi. Ma’lumotlarga qaraganda, Afg‘oniston urushiga 64 ming 500 nafar O‘zbekiston o‘g‘lonlari jalb qilingan. Ulardan 1542 kishi halok bo‘lgan. Samarqand viloyatidan bu urushda 7,5 ming yigit qatnashgan. Ulardan 164 nafari halok bo‘lgan. Birgina Urgut tumanidan 500 nafar yigit-qiz ishtirok etgan. 24 kishi olamdan bevaqt ko‘z yumgan.
Endi bunday noxush hollarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ular qo‘rqinchli tush kabi tarixda qoldi. Endi bunday qabihliklar aslo qaytarilmaydi. Endi farzandlarimiz harbiy xizmatga oy borib, omon qaytishadi.
Bugungi kunda mustaqil armiyamiz bor. Chaqiruv yoshiga (18 yosh) yetgan va qonunga ko‘ra, harbiy xizmatga majbur bo‘lgan, armiyaga borish uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar Qurolli Kuchlarimiz safiga tantana bilan kuzatiladi va kutib olinadi.
Yaqinda Vatan himoyachilari kuni oldidan "Milliy armiyamiz yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir" shiori ostida o‘tkazilgan "Armiya va yoshlar" festivalini tomosha qildim. Harbiylar bilan samimiy suhbatlar, ko‘rgazmalari uyushtirildi. Boshqacha aytganda, armiya va xalq birligi namoyish etildi. Va, yana mamlakatimiz Prezidentining harbiylar bilan uchrashishi, askarlarning jangovar va siyosiy tayyorgarligini kuzatishi, hatto ularning yeb-ichishi, kiyinishi, uy-joyi bilan qiziqishi har qanday odamga quvvat bag‘ishlaydi.