Qayerdasiz, ayajon? Xo‘rozqand ham kerakmas!

Zebo dugonasi bilan salom-alikdan so‘ng dedi:
– Isroildan qachon kelding?
– Bir  oycha bo‘ldi. Ha, namuncha dunyo yukini yelkangga ortib olganday xayol surib ketyapsan, chaqirsa ham qaramaysan? – dedi Zulxumor.
– Ishdan qaytayotgandim, xayol bilan bo‘lib, chaqirganingni ham eshitmabman. O‘zingdan gapir, u yerda nima ishlar qilding?
– Firmada ishladim.
– Maoshi yaxshimi? 
– Yomon emas, mana, uy oldim, mashina oldim.
Zeboning dugonasiga havasi keldi: 
– Omadlisan-da, Zulxumor! Qaniydi sendagi imkoniyatlar menda ham bo‘lsa, o‘shanday joylarda ishlasam. Buning uchun tanish,  katta pul kerak. Menda esa bular yo‘q.  
– O‘zim senga yordam beraman.
Dugonasining bu gapi Zeboning ichiga olov yoqdi. Ular dam olish kuni Zulxumornikida uchrashishga kelishib olishdi. 
Zebo uyiga kelganda ancha kech bo‘lib qolgandi. Qizi Saodat uxlab qolgan, onasi Qumri xola esa hamon bedor kutib o‘tirardi.
– Ishing ham bor bo‘lsin-da, qizim, – dedi onasi. – Bechora qizing ishdan kelguningcha uxlab qoladi, tag‘in uyg‘onmasdan ishga ketasan.
– Nima qil deysiz, oyi, axir ish bu. 
Zebo ovqatlanib bo‘lgach, yotog‘ida ancha vaqtgacha uxlolmay yotdi. Uning xayolida dugonasining "Xohlasang, firmamiz seni qarzga olib ketadi, qarzingni u yerga borgach, ishlab qaytarasan", degan gapi charx urardi.
Saodatga ayasi bu yakshanba xo‘rozqand bermadi. Chunki u xo‘rozqandga pul topish uchun Zulxumor bilan Isroilga  ketgandi. 
Dam olish kuni berilishi odatga  aylangan xo‘rozqanddan darak bo‘lavermagach, Saodat buvisidan so‘radi: 
– Buvijon, oyim qayerda, nega menga xo‘rozqand bermayapti?
– U safar aytgandim-ku, bolajonim, oying senga xo‘rozqand, shar, ko‘ylak olib berish uchun ishlashga ketdi. 
– Qachon keladi? 
– Ko‘p pul topganda.  
Mana, oradan uch yil o‘tdi hamki, Zebodan uyiga bir so‘m kelmadi. U birinchi yil qarzni uzayotgani va tez orada pul jo‘natishini aytdi. Keyingi yilda qo‘ng‘iroqlar kamaydi, telefon qilganda ishi ko‘pligini aytib, onasi bilan suhbatni cho‘zmas, hol-ahvol so‘rashgach, go‘shakni qo‘yib qo‘yardi. Onasi "Qayerda ishlayapsan?", "Nima ish qilyapsan?" kabi savollariga qisqagina "Hammasi yaxshi" javobini olardi, xolos. Bir yildirki, Zebodan darak yo‘q. O‘zining chekayotgan sog‘inch va iztirobi kamday nevarasi Saodat onam bilan gaplashaman, deb yig‘lab, xarxasha qiladi. 
Bir kuni Qumri xola ko‘chada nabirasi Saodatning kim bilandir tortishayotganini eshitib qoldi. U yonidagi bolaga yig‘laganicha: "Mening ayam juda yaxshi, chiroyli, u hozir uzoqda ishlayapti. Puli ko‘paysa, keladi. Menga xo‘rozqand, shar, ko‘ylak olib beradi", dedi va uyga – buvisining oldiga yugurib keldi. Qumri xola uni yupatib, yoniga yotqizdi. Saodat piq-piq yig‘laganicha uxlab qoldi. Bir mahal u uyqusida "Qayerdasiz, ayajon? Xo‘rozqand ham kerakmas! Sizni sog‘indim", deya yig‘lamsirab gapirdi. Ammo u oyisining  odam savdosi qurboniga aylanganini bilmasdi.  

Tojixon OXUNOVA,
Samarqand shahri.