Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq auksion savdolariga chiqarilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 fevralda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratish tizimini ochiq va shaffof mexanizmlar asosida tashkil etish belgilangan edi.
Shu asosda yer maydonlari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali onlayn auksion asosida ijaraga berilmoqda. Bu sohada inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyat yaratishga xizmat qilmoqda.
Yer uchastkalari 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan hajmlarda auksionga chiqarilmoqda va unda nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ham qatnashishi mumkin. Bu mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga keng yo‘l ochadi.
Mazkur farmon ijrosi yuzasidan joriy yil viloyatimizda auksion savdolariga ikkinchi bosqichda chiqariladigan yer uchastkalarining umumiy hajmi 3159,9 gektar bo‘lib, bu yer maydonlari tuman hokimliklari zaxirasiga olinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va shu asosda buyurtmalar berilgan.
Kelib tushgan buyurtma xatlariga ko‘ra, “O‘zdaverloyiha” instituti Samarqand bo‘linmasi tomonidan 2944,5 gektar yer maydonlari bo‘yicha 167 ta lotlar tayyorlanib, “E-auksion” elektron savdo platformasiga kiritilgan. Shundan, 114 ta lot bo‘yicha ochiq auksion savdolari orqali 1794,4 gektar yer maydonlarining g‘oliblari aniqlangan. 42 ta lot bo‘yicha 935,4 gektar yer maydonlari auksion savdosida, 11 ta lot bo‘yicha 214,7 gektar yer maydonlari idoraviy kelishuv bosqichi jarayonlarida turibdi.
S.Bobonazarov,
“O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti
Samarqand bo‘linmasi direktori.