Qishning qoq o‘rtasida til biriktirib narx o‘ynatgan propan importchilari jazolangan

Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan propan importi va uning birja savdolaridagi narx shakllanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning noyabr–dekabr oylari hamda joriy yil yanvar oyida ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan propan mahsulotining birja savdolarida boshlang‘ich narxlari asossiz ravishda oshirilgan. Shu bilan birga, ayrim holatlarda mahsulot hajmlari sun’iy tarzda birjaga chiqarilmagani natijasida bozorda narxlar keskin oshishiga olib kelgan.

Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirildi. Bu esa bozorda raqobat muhitini tiklash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari va muhokamalar natijasida jami 31 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt (masalan, "POYTUG‘ GAZ TO‘LDIRISH KORXONASI" MChJ, "Taraqqiyot gaz servis" MChJ, "PLANETA NEFT GAZ INVEST" MChJ, "GOLD SAMARKAND OIL" MChJ, "MAROQAND-ENERGY GAZ OIL" MChJ) tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani e’tirof etildi. Ushbu sub’yektlar orasida gaz ta’minoti va neft-gaz mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi qator korxonalar mavjud.

Xususan, 12 ta sub’yekt (masalan, "MAROQAND-ENERGY GAZ OIL" MChJ, "ASATILLO BOBO GAZ INVEST" MChJ,  "GAZONE" MChJ, "SH-Z HANDSOME GROUP" MChJ) tomonidan birja savdolarida raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlar amalga oshirilgani aniqlandi. Qolgan holatlarda esa mahsulotlarning boshlang‘ich narxlarini sun’iy ravishda oshirish, shuningdek, qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish holatlari kuzatilgan.

Aniqlangan qonunbuzilishlar asosida Maxsus komissiya tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, qonunbuzilish sodir etilgan davrdagi tovar aylanmasiga nisbatan jami 28,9 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi. Asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni Respublika byudjetiga undirish belgilandi.

Shuningdek, barcha sub’yektlarga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.