Samarqand bozorlarida nima arzon, qaysi mahsulot qimmat?

Sartepada sarosimaga chek qo‘yildi

16 mart kuni Samarqand shahri Sartepa maskanida ayrim qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi oshib ketganligi, ba’zi savdo do‘konlari vaqtincha yopilib aholini sarosimaga solganligi anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, bugun bu hududda ahvol qanday?

Maskandagi deyarli barcha savdo do‘konlarida odamlar odatdagidek savdo qilmoqda.

“Tabiat sahovati dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat mas’ullar biriktirilgan.

Bozorchada 1 kg. kartoshka 4500-5000 so‘m, 1 kg. piyoz 3000-3500, 1 kg. sabzi 1500-2000 so‘m, go‘sht 54 000 so‘m, tuxum 750 so‘mdan sotilmoqda.

- Karantin e’lon qilingandan keyin tushunmovchiliklar sabab ayrim fuqarolarimiz biroz vahimaga tushishi oqibatida bozorlarimiz va oziq-ovqat do‘konlarida tartibsizliklar yuzaga keldi, - deydi respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tal’at Nasrullayev. – Shuning uchun qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshganligi ham bor gap.

Viloyat hokimligi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar asosida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari olib borildi va mas’ullar tomonidan narxlarni asossiz oshirgan tadbirkorlarga choralar ko‘rilishi tushintirildi.

Bozor va supermarketlarda tartibni saqlash, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, joylarni toza va ozoda tutish, narxlar oshishining oldini olish borasida doimiy nazorat olib borilmoqda. Navro‘z bayrami munosabati bilan bozor yaqinida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilib, bu yerga Jomboy va Qo‘shrabot tumani fermerlari mahsulot keltirmoqda. Yarmarkada kartoshka 3500 so‘m, piyoz 1800, sabzi 1500 so‘mgacha sotilmoqda. Bu narxlar aholini qoniqtirmoqda.

“Damariq”da mahsulotlar nisbatan arzon

“Damariq dehqon bozori” MChJda boshqa bozorlarga qaraganda qishloq xo‘jalik mahsulotlari arzonligiga guvoh bo‘ldik. Bozorda 1 kg. kartoshka 3500-4000 so‘m, 1 kg. piyoz 3000-3500, 1 kg. sabzi 1500-2000 so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, yarmarkada kartoshka 2500 so‘m, sabzi 1000 so‘m, piyoz 2000 so‘m, tuxum 600 so‘m, go‘sht 45 ming so‘m, o‘simlik yog‘i bir litri 10 000 -11 000 so‘m. Yarmarkaga Payariq, Ishtixon, Nurobod tumani fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini olib kelgan.

Muhimi, “Samarqanddon mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan bir qop un 135 ming so‘mdan sotilmoqda.

Bozorimizdan “katta”lar ketmasin

Temir yo‘l dehqon bozorida ham qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilib, Oqdaryo, Toyloq va Past Darg‘om tumanlari fermer xo‘jaliklari mahsulotlari bilan to‘ldirilgan. Ammo Damariq bozoriga qaraganda narxlar biroz farq qiladi. Masalan, yarmarkada 1 kg. kartoshka 3000 so‘m, sabzi 1300, piyoz 1500 so‘m, tuxum donasi 620 so‘m, go‘sht 43 ming so‘mdan sotilmoqda.

Bozorda esa tuxumning donasi 700-1000 so‘m, 1 kg. kartoshka 3500-4500 so‘m, sabzi 1500-2000 so‘m, piyoz 3500 so‘m.

Ikki yuk mashinasida un sotilayotganiga guvoh bo‘ldik va narxi bilan qiziqdik. “Samarqanddon mahsulotlari” AJda ishlab chiqarilgan unning bir qopi 142 ming so‘mdan, “Jomboydon mahsulotlari” korxonasida ishlab chiqarilgan unning bir qopi esa 140 ming so‘mdan sotilayotgan ekan.

Biz boshqa bozorlarda aynan shunday unning bir qopi ko‘z oldimizda 135 ming so‘mdan sotildiyu, bu yerda nega qimmatligini so‘raganimizda, sotuvchilar aniq javob bera olmadi. Suratga olishni boshlaganimizda ular “katta”lariga qo‘ng‘iroq qilib, bir-ikki daqiqa ichida narxlarni o‘zgartirib, 135 ming so‘mdan sota boshladi.

- Kecha o‘zimizda ishlab chiqarilgan unning bir qopi 200 ming so‘mdan sotilgandi, - deydi xaridor Nasiba Ochilova. – Bugun esa bir qop un 142 ming so‘mdan sotilayotganini eshitib un olish uchun kelgandim. Hozirning o‘zida 135 ming so‘m bo‘ldi.

Bir zumda bozorga mas’ul qilib biriktirilgan tegishli tashkilotlar vakillari yonimizda paydo bo‘ldi. Nahotki ular bu holatga shu paytgacha e’tibor bermagan bo‘lsa.

- Kecha bozorga kelganimda narxlar ancha ko‘tarilib ketganligiga guvoh bo‘ldim, - deydi mehnat faxriysi Nasim Zohidov. – Bir kilo kartoshka 6000 so‘mdan sotilganligi odamlarni vahimaga solgan edi. Mana bugun ishchi guruh tashkil qilinib, bozorimiz ancha tartibga kelib qolibdi. Ayniqsa, tashkil etilgan yarmarka kechagi sarosimalarga barham berdi. 43 ming so‘mdan 2 kilogram go‘sht sotib oldim. Shuningdek, boshqa mahsulotlar ham ancha arzon. Bozorga “kattalar” tez-tez kelib tursa, bu yerda ham tartib bo‘ladi, ham narxlar arzonlashadi. Bu esa aholi uchun yengillik emasmi?

 

To‘lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOYeV (foto).