Samarqand mahsulotlari Indoneziya bozoriga kirib boradi
Respublikamizdan Indoneziya bozoriga eksport qilinadigan mahsulotlar turini kengaytirish, mamlakatimizda yetishtirilayotgan ho‘l va quritilgan mevalar hamda dukkakli mahsulotlarni eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatlarni olish maqsadida ushbu davlat delegatsiyasi Samarqandga keldi.
Ular tashrif davomida eksport qilinayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining fitosanitar holati, oziq-ovqat xavfsizligi talablariga muvofiqligi, yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash jarayonlarini joyiga chiqqan holda o‘rganmoqda.
Delegatsiya a’zolari dastlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasining oziq-ovqat mahsulotlari tarkibini tahlil qiluvchi laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Laboratoriyaning zamonaviy uskunalar bilan jihozlanganligi, ho‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari tarkibidagi nitratlar, og‘ir metall tuzlari, toksik moddalar qoldiqlarini aniqlash jarayonlari hamda mahsulotlar xavfsizligini baholash usullari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Delegatsiya a’zolari viloyatimizdagi yirik eksportyor korxonalar - “Samarqand Garden Plast” MChJ va “Navobod naslli parranda” MChJ faoliyati bilan tanishdi.
“Samarqand Garden Plast” MChJda mehmonlarga zamonaviy agrotexnologiyalar asosida meva yetishtirish, mahsulotlarni saralash, saqlash va eksportga tayyorlash jarayonlari namoyish etildi. Delegatsiya a’zolari mevazorlarning fitosanitar holati, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash ishlari, karantin talablariga rioya etilishini o‘rgandi.
Korxonada dalalardan qabul qilib olingan mahsulotlarni zararli organizmlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladigan fumigatsiya jarayonlari, mahsulotlarni eksport talablariga mos holda tayyorlash va sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
“Navobod naslli parranda” MChJda esa uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, quritish, saralash va qadoqlash jarayonlari bilan tanishildi. Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning oziq-ovqat xavfsizligi talablariga muvofiqligi, saqlash sharoitlari hamda eksportga tayyorlash bosqichlari batafsil o‘rganildi.
Indoneziya delegatsiyasining viloyatimizga tashrifi O‘zbekistonning agrar sohadagi eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqish salohiyatini oshirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.