Samarqand tumanidagi bog‘chalarga 86 mln. 500 ming so‘mlik rivojlantiruvchi bosma materiallar tarqatildi

Samarqand tumanidagi 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida “Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasasi qanday bo‘lishi kerak? Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish,tizimli rejalashtirish va muvofiqlashtirishning asosiy yo‘nalishlari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
- Bugungi seminarda tumanimizdagi 35 ta maktabgacha ta’lim muassasalari mudiralari, tarbiyachi, psixologlari, jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirok etdi, - deydi Dilfuza Azizova. – Joriy yildan har bir davlat maktabgacha ta’lim muassasamizda Kuzatuv kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kuzatuv kengashi a’zolariga bog‘cha mudiralari har chorakda hisobot taqdim etadi. Unga ota-onalar va jamoatchilik vakillaridan a’zolar saylanib, ular muassasa faoliyati yuzasidan taklif bildirish va uni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tumanimizdagi mavjud bog‘chalarga 86 mln. 500 ming so‘mlik 102 turdagi rivojlantiruvchi bosma materiallar bepul tarqatildi. Ushbu o‘quv jihozlaridan ta’lim-tarbiya jarayonida maqsadli foydalanish va ularni sifatli saqlash bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.
Shuningdek, seminarda Open EMIS axborot tizimiga ma’lumotlarni muntazam ravishda kiritishda MTM mudirasining asosiy vazifalari hamda me’yoriy hujjatlarning ahamiyati, maktabgacha ta’lim muassasasining kun tartibida mujassamlashtirilgan mashg‘ulotlar hamda kutubxona faoliyati atroflicha muhokama etildi.