Samarqandda "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahri tashkil etiladi
Viloyatimizning boy tabiiy resurslari va rekreatsion salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, mamlakatda tibbiy hamda sog‘lomlashtirish turizmini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahrini tashkil etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga muvofiq, Nurobod tumanidagi 470 gektar yer maydonida viloyat bo‘ysunuvidagi "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahri tashkil etiladi.
Mazkur loyiha zamonaviy tibbiy xizmatlar, sog‘lomlashtirish infratuzilmasi va turizm ob’yektlarini bir hududda jamlagan yirik majmuaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Investorlarni jalb etish maqsadida qator soliq va bojxona imtiyozlari ham taklif etilgan. Jumladan, 2035 yil 1 yanvarga qadar xalqaro darajadagi SPA va sanatoriy-kurort majmualarini barpo etayotgan tadbirkorlar respublikaga olib kiriladigan asbob-uskunalar, texnologiyalar va xomashyo uchun bojxona bojidan to‘liq ozod etiladi. Shu bilan birga, ular yer solig‘ining 50 foizini to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab tibbiyot muassasalari xorijiy fuqarolarga turoperatorlar orqali xizmat ko‘rsatgan taqdirda, to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi keshbek tarzida qaytariladi. Bu mexanizm tibbiy turizm xizmatlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qaror loyihasining yana bir muhim jihati sifatida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmining milliy "Avitsenna" brendini joriy etish belgilangan. Mazkur brend asosida O‘zbekistonning tibbiy turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, mamlakat imijini mustahkamlash hamda sohaga investitsiyalar jalb etishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahrining tashkil etilishi Samarqand viloyatini Markaziy Osiyodagi yetakchi tibbiy va sog‘lomlashtirish turizm markazlaridan biriga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va eksportbop tibbiy xizmatlar hajmini oshirishga muhim turtki beradi.