Samarqandda suv yo‘llari qachon tartibga tushadi?

Azaldan har qanday shahar ichidan oqib o‘tuvchi ariq va kanallarga katta e’tibor bilan qarab kelingan. Suvini doimo toza saqlashga, ariqlar atrofini obodonlashtirishga jiddiy munosabatda bo‘lishgan. Axir suv manbalari birinchidan, aholini ob-hayot bilan ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchidan, shahar iqlimini mo‘’tadallashtirib ekinlar, dov-daraxtlarni sug‘orib turgan.

Ming afsuski, Samarqand shahri ichidan oqib o‘tuvchi qadimiy ariq va kanallarimizning ahvoli qanday? Ushbu masala bugungi kunda og‘riqli nuqtaga aylandi. Chunki yillar davomida mavjud suv manbalari e’tiborsizlik va beparvolik oqibatida jiddiy ta’mirtalab bo‘lib qolmoqda, ariqlar ichi hamda atroflari turli chiqindiga to‘lib, qirg‘oqlarida o‘zboshimchalik bilan binolar qurildi. Bu ahvol na rahbarlarni, na jamoatchilikni tashvishga solmadi.

Nihoyat Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 17 aprelda «Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarining holatini yaxshilash va atrofini obodonlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori, shu asosida viloyat hokimining 2019 yil 24 apreldagi qarori e’lon qilindi.

Mazkur qarorga asosan, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida yuridik shaxs tashkil etmasdan Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘lim tashkil qilindi.

Ushbu bo‘limning asosiy vazifalari kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi gidrotexnika inshootlarning ishonchli ishlashini ta’minlash, kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va ta’mirlash ishlarini kompleks ravishda yaxshilash, ushbu tarmoqlar atrofini obodonlashtirish ishlarini ekologik va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshirish, rekonstruksiya qilish, ajratilgan mablag‘lar, moddiy-texnik resurslari, asosiy vositalari va texnikadan samarali foydalanishdan iborat etib belgilangandi. Shuningdek, ixtisoslashgan bo‘lim tashkil etilishi munosabati bilan Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq tasdiqlangan asosiy vositalarni Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasiga topshirishi, ixtisoslashgan bo‘lim Samarqand shahri, Abdulla Nabiyev ko‘chasi, 13-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish uchun joylashtirilgan. Ammo bino bugungi kunda ta’mirtalab ahvolda turibdi.

Samarqand shahridagi mavjud kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlarining bugungi kundagi ahvoli umuman talabga javob bermay qolmoqda. Natijada yog‘in-sochinli kunlarda shahardagi ayrim ko‘chalarni (shu yil bahordagi suv toshqinlarini eslang) suv bosish holatlari yuz bermoqda. Masalan, «Chashma» kollektor-drenaj tarmog‘i 1900 yilda qurilgan bo‘lib uzunligi 7,5 kilometrni tashkil etadi. Shundan 5 kilometri ta’mirtalab ahvolda, muhofaza zonasida qurilgan ob’yektlar juda ko‘p.

Kulolon ko‘chasidan o‘tuvchi «Chashma» kollektorining ichi ko‘pdan beri odamlar chiqindi tashlaydigan joyga aylangan. Ariqning ikki yonini begona o‘tlar bosib yotibdi. Aholi esa o‘zboshimchalik bilan kollektor ustiga turli bino va inshootlarni qurib olishgan. Eng yomoni o‘tgan yillar davomida bu yerda yashovchi aholi o‘z uyidan chiqayotgan oqova suvlarini aynan ushbu kollektorga to‘g‘rilab qo‘yishgan.

1947 yilda qurilgan «Siyobcha» kollektor-drenaj tarmog‘i ham ta’mirtalab ahvolda. 5,4 kilometr uzunlikka ega suv yo‘li muhofaza zonasi ustiga yuzdan ortiq ob’yektlar qurilgan, kollektorning sobiq makaron zavodi orqasidan o‘tuvchi qismi orqa tomonga surilib jar yoqasiga borib qolgan. Bugun ushbu jarning tepa qismida yashovchi aholining uylari favqulodda holatda turibdi. Buning ustiga ayrim tadbirkorlar o‘z yer maydonini kengaytirib orqa tomonga surilib bormoqdalar. Kanal va kollektorlar muhofaza zonasi o‘n metrni tashkil qilishi belgilangan bo‘lsa-da ushbu kanalning Mahmud Qoshqariy ko‘chasidan o‘tuvchi qismi yoqasida 2 qavatli do‘kon qurilayapti ekan.

«Siyob markaziy» kollektor-drenaj tarmog‘i ham qadimiy, 1900 yilda qurilgan. Uzunligi 17 kilometrni tashkil qiladi. 16,5 kilometri bugungi kunda ta’mirtalab ahvolda. Muhofaza zonasida qurilgan ob’yektlar ko‘p. Mazkur kanalning Motrud hududidan o‘tuvchi qismi atrofida asosan aholi uylari mavjud. Aholi kollektor atrofiga tobora yaqinlashib borayotganligi suv toshishi xavfini oshirmoqda.

Bundan tashqari aholi kollektor o‘zani atrofiga noqonuniy ravishda uy-joylar qurib olgan. Ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar bu yerni axlat tashlaydigan maydonga aylantirib, ariq bo‘yidagi bo‘sh yerlarni to‘ldirishga harakat qilishmoqda. Qisqa muddat ichida bu yerda yirik bino va inshootlar paydo bo‘lsa ajab emas. «Obi mashhad» kollektor-drenaji (1948 yilda barpo etilgan) ham aholi tomonidan «egallab» olinayapti desak to‘g‘ri bo‘ladi. Eng achinarlisi kanalning aynan xorijlik sayyohlarning Motrudiy qadamjosiga o‘tish qismini noqonuniy qurilgan uylar egallab olgan. Kollektorning shaharga kirish qismidagi ikki qirg‘oqni qamish hamda begona o‘tlar qoplagan.

Umuman, bugun Samarqand shahridagi kanal va kollektorni namunali holatga keltirish lozim. Aks holda tizim izdan chiqib ketishi, uni to‘g‘rilash ancha mushkul kechishi mumkin. To‘g‘ri, eshitishimizga qaraganda bu kanal-drenajlar 2019 yil investitsiya dasturiga asosan ta’mirlanayapti, belgilangan mablag‘lar o‘zlashtirilyapti. Jumladan, dasturga muvofiq shahar bo‘yicha 1 ta irrigatsiya va 3 ta melioratsiya ob’yektlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari belgilangan. Bu ob’yektlar uchun shu yilda jami 5,6 milliard so‘m mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda 3,2 milliard so‘mlik (63 foiz) qurilish montaj va ta’mirlash ishlari bajarilgan. «Siyobcha» va «Chashma» ochiq kollektorlarini yopiq kollektorlarga aylantirish, «Jarariq» kanalini rekonstrukitsyalash, «Siyobcha va «Chashma» kollektorlarini ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. Bu ob’yektda hozircha 50 foiz ish ado etilgan. «Siyobcha» kollektorning butun uzunligi bo‘yicha suv yoqasiga turli xil bino, inshootlar qurilgani, ekskovator hamda boshqa mexanizmlarning ishlashi uchun imkon bermayotganligi sababli hozir ishlar to‘xtab turibdi. «Obi mashhad» kollektorini ta’mirlash-tiklash ishlari ham amalga oshmay turibdi.

Ha, ariqlarni tozalash, sohillarini tartibga keltirish oson emas. Negaki garchi noqonuniy bo‘lsada, imorat (uy) egalari bu yerdan ko‘chishga unashmaydi. Qonunlashtirib olganlariga esa tovon puli berish kerak. Faqat buning uchun kuchli targ‘ibot zarur. Shahar mutasaddilari aholiga, jamoatchilikka murojaat qilishsin. Ana o‘shanda bizni qo‘llovchilar ko‘payadi. Qolaversa, shaharsozlik tartibini buzganlarga jiddiy chora ko‘rib, uni oshkor etish mavridi ham keldi.

Atrofimizga bir qaraylik. Jonajon diyorimizda qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda. Inchunun suvga e’tibor borasida, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent, Xiva shaharlari, Navoiy va vodiy viloyatlarida ariq va kanal bo‘ylarini obodonlashtirish, odamlarning hordiq chiqarish maskanlariga aylantirish uchun qanday ishlar bajarilyapti. Havas qilsa arziydi. Nima Samarqandda o‘z shahrini sevadigan, uni yanada obod bo‘lishiga kamarbastalik qiladigan shijoatli, fidoyi odamlar kammi?

Axir ariq va kanallar shahrimiz husniku. Ularda doimo zilol suv oqib tursa, atrofi yashil maysalar bilan qoplansa, joylarda charxpalaklar aylanib tursa qanday yaxshi. Bundan o‘zimiz ham, mahalliy va xorijlik sayyohlar ham zavq olishi, rohat qilishi tabiiy. Shunday emasmi, azizlar?

Adham Hayitov.