Samarqandda va Kuala-Lumpurda Malayziya hamda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi

Ayni kunlarda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Viloyatimiz rahbari Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri - Dato Sri Tiong King Sing bilan muzokaralar olib bordi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, turizm sohasida tajriba almashish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Turizmga investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvda joriy yilning may oyida Samarqandda "Malayziya madaniyati kunlari" hamda sentyabr oyida Kuala-Lumpurda "O‘zbekiston madaniyati kunlari"ni o‘tkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, turizm sohasida aniq loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilandi.