SamDU xodimlari Fransiyada malaka oshiradi
Jumladan, Fransiyaning Sarbonna Parij-1, Puatiye, Lion-3 universitetlari va “n+i” muhandislik instituti bilan hamkorlik qiladi.
– Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda 4-14 dekabr kunlari universitetimizda “Fransiya universitetlari o‘n kunligi” madaniy tadbirini o‘tkazilmoqda, – deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi Z.Eshmurodova. – Maqsad – O‘zbekiston va Fransiya munosabatlarini yanada mustahkamlash, davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni ilm-fan yo‘nalishida ham kuchaytirishdan iborat. Tadbirda Puatiye universiteti professori Patris Nodin tomonidan ma’ruzalar o‘qilishi, taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Fransiyadagi oliy o‘quv yurtlari faoliyati, ushbu davlat tarixi va madaniyatiga oid ko‘rgazma namoyish etiladi. Samarqand va Lion shaharlarining birodarlashgani, Versal shahri bilan do‘stona va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. 6 dekabr kuni barcha fakultetlardagi ma’naviyat soati O‘zbekiston – Fransiya munosabatlariga bag‘ishlanadi. Bundan tashqari, Fransiyaning yurtimizdagi elchixonasi va dunyoga mashhur Luvr muzeyi xodimlarining ham taqdimotlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan amaliy muloqotlari ko‘zda tutilgan.
Dekadaning eng muhim tadbiri, shubhasiz, universitetda Fransuz tili madaniy markazining ochilishi bo‘ladi.
O‘zaro hamkorlik kelishuvlariga muvofiq, kelgusida Samarqand davlat universiteti va Fransiyadagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashuvi, malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.