Sanitar-gigiyena shoxobchalari talabga javob beradimi?

Bir qarashda arzimasdek tuyilgan, biroq o‘rni kelganda viloyat, mamlakat imijiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ushbu masala viloyat hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi apparat yig‘ilishida muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugun turizm sohasida olib borilayotgan davlat siyosati hududlar va ularning infratuzilmasini kompleks jadal rivojlantirishda turizm sohasi yetakchilik qilishi, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni yechish, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan. Ya’ni sohani rivojlantirib, aholining daromadlari, yashash darajasi va sifatini oshirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va imijini yaxshilashga asosiy maqsad muddao hisoblanadi.

Biroq joylarda mas’ullar buni to‘la anglab yetyaptimi? Afsuski, bu savolga «ha», deb javob berib bo‘lmaydi. Negaki, viloyat hokimi topshirig‘iga asosan tuman va shaharlarda birgina zamonaviy hojatxonalar qurish uchun 49 ta yer maydonlari ajratilishi belgilangan. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Samarqand, Past Darg‘om, Toyloq va Payariq tumanlarida tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha qaror chiqarilmagan.

Vaholanki, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan sohaga xususiy sektorni jalb qilish va tadbirkorlar faolligini rag‘batlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va keng qo‘llash belgilangan.

Bundan tashqari, sayyohlar tashrifi kuzatiladigan va aholi gavjum joylar, M-37, M-39 magistral yo‘l bo‘ylarida joylashgan ob’yektlarda doimiy monitoringlar, o‘rganishlar o‘tkazib borish, sanitar-gigiyena shoxobchalarini arxitektura-qurilish qoida va me’yorlariga, talablariga mos keltirilishi zarur.

Lekin qayta qurilishi kerak bo‘lgan 204 ta hojatxonalardan 107 tasida tegishli ishlar boshlangan bo‘lsada, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Samarqand, Toyloq va Past Darg‘om tumanlarida bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 56 ta sanitar-gigiyena shoxobchalari qurilishi lozim. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning bor-yo‘g‘i 25 tasida zarur ishlar boshlangan. Savdo majmualari, bozorlarda 10 ta, madaniyat va istirohat bog‘larida esa 4 ta ob’yekt hamon qurilish boshlanishini kutmoqda.

Bundan tashqari, yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 52 ta sanitar-gigiyena shoxobchalari qurilishi kerak. Ammo ularning 28 tasida mas’ullarning loqaydligi, tadbirkorlarning o‘zbilarmonligi oqibatida hech qanday ish boshlanmagan.