Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilyaptimi?

Vakillik instituti a’zosi sifatida jamoatchilik bilan muloqotlar o‘tkazganim yoki boshqa davralarda bo‘lganimda “o‘zimizda chiqarilayotgan mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlayapmiz, deyiladi, bu ishlarning samarasi bo‘layaptimi”, degan gap-so‘zlar bo‘ladi.

Ayni shu kabi munosabatlarga javob o‘laroq, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish borasidagi ishlarning Samarqanddagi samaralari haqida so‘z yuritishga jazm etdim.

Aslida so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ayniqsa, 2026 yil 4 fevralda qabul qilingan Prezident Farmoni bu borada yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Mazkur hujjat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, tarmoqlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim mexanizmlarni joriy etdi.

Ilgarigi tizimdagi muammolar

Avvalgi yillarda mahalliylashtirish dasturi doirasida bir qator tashabbuslar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim tizimli muammolar korxonalar faoliyatida to‘siq bo‘lib kelgandi. Jumladan, mahalliylashtirish dasturida yetarli imtiyozlar mavjud emasligi sababli tadbirkorlar orasida qiziqish past bo‘lgan. Shuningdek, tarmoqlar va hududlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini muvofiqlashtiruvchi yagona tizimning yo‘qligi ham ishlab chiqarish zanjirlarini samarali tashkil etishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Yana bir muhim muammo — birja savdolarida narxning asosiy mezon sifatida qaralishi edi. Bu holat arzon import tovarlarning savdoda ustun kelishiga sabab bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini pasaytirgan. Oqibatda ko‘p hollarda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yangi mahsulotlar faqat korxonaning ichki ehtiyojlari uchun ishlatilgan, boshqa korxonalar esa aynan shu mahsulotni xorijdan import qilishda davom etgan.

Buning yorqin misoli sifatida “Uramas kabel” mas’uliyati cheklangan jamiyatini keltirish mumkin. Korxona maishiy texnika ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan boshqaruv kabellar to‘plamini mahalliylashtirgan bo‘lsa-da, ushbu mahsulotdan faqat o‘z ehtiyojlari uchun foydalangan. Viloyatdagi to‘rtta korxona aynan shu turdagi mahsulotni import qilib kelgan. Bu esa kooperatsiya tizimi yetarli darajada ishlamaganini ko‘rsatadi.

Kafolatli xarid tizimi – yangi bosqich

Yangi Farmon bilan mahalliylashtirish sohasidagi eng muhim yangiliklardan biri — kafolatli xarid tizimining joriy etilishi bo‘ldi.

Endi investor bozorni tahlil qilib, qo‘rqmasdan investitsiya kiritib mahalliylashtiradigan mahsulotning xaridori kimligini oldindan biladi, chunki bu dasturda belgilandi.

Masalan, “Azureflow paper” qo‘shma korxonasi tomonidan 500 million dollarlik investitsiya kiritish orqali qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda gipsokarton uchun zarur bo‘lgan qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bugungi kunda ushbu mahsulotning 70 foizi import qilinadi. Keyingi bosqichlarda qadoqlash materiallari, oq qog‘oz va sellyuloza mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu mahsulotlar bo‘yicha ham import ulushi juda yuqori.

Agar mazkur korxona kafolatli xarid tizimiga kiritilsa, yiliga 750 ming tonna qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa 7,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va mamlakat bo‘yicha 300 million dollar valyuta iqtisod qilish imkonini beradi.

Shuningdek, “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” tomonidan 500 kilovoltgacha kuchlanishga ega bo‘lgan 100 MVA quvvatli zamonaviy energiya tejamkor transformatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilgari korxona asosan kichik quvvatli transformatorlar ishlab chiqargan bo‘lsa, xorij tajribasini o‘rganish natijasida yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ydi.

Kafolatli xarid tizimi joriy etilgan taqdirda mazkur transformatorlar import analoglariga nisbatan 18 foizga arzon bo‘ladi. Bu esa logistika xarajatlarining kamayishi bilan izohlanadi. Natijada 6,5 million dollar valyuta iqtisod qilinadi, korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 79 milliard so‘mga yetadi, 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va byudjetga 5,5 milliard so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlanadi.

Imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlari

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi orqali tadbirkorlarga keng moliyaviy imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 6 foiz, milliy valyutada esa 12 foiz stavkada 10 million dollargacha kreditlar ajratiladi.

“Mirankul Construction Materials” mas’uliyati cheklangan jamiyati elektrshitlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘tgan yili 12 foizli kredit olgan. Tabiiyki, yuqori foiz stavkasi mahsulot tannarxiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi tizimda esa imtiyozli kreditlar hisobidan mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 2 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Butlovchi qismlar importiga bojxona imtiyozlari

Yangi tizimga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan xomashyo hamda butlovchi qismlar uch yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu imtiyozlar mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dasturda ishtirok etuvchi korxonalar butlovchi qismlar bo‘yicha 7 million dollar, xomashyo bo‘yicha esa 8 million dollarlik imtiyozlarga ega bo‘ladi. Bu esa mahsulot tannarxini o‘rtacha 0,5 foizga kamaytiradi.

Masalan, “Tecom Elevating System” mas’uliyati cheklangan jamiyati lift ishlab chiqarish uchun import qilinadigan butlovchi qismlar bo‘yicha bir yilda o‘rtacha 2,5 milliard so‘m bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Bu esa mahsulot tannarxini 3 foizga arzonlashtiradi.

Yangi loyihalar va iqtisodiy samara

Joriy yilda drayver sohalar asosida mahalliylashtirish dasturiga 6,6 trillion so‘mlik 140 ta loyiha kiritildi. Bu loyihalar orqali 40 turdan ortiq yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Jumladan, “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasi tomonidan yiliga 100 ming tonna sovuq prokatli metall list ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi kunda bu mahsulotning katta qismi import qilinadi. Loyiha amalga oshirilsa, 100 million dollar valyuta iqtisod qilinadi, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va byudjetga 70 milliard so‘m tushum ta’minlanadi.

Shuningdek, metallurgiya sanoatida foydalaniladigan lak va bo‘yoqlar ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Respublika bo‘yicha mazkur mahsulotning asosiy qismi import qilinadi. Yangi korxona ishga tushsa, mahsulot import analoglariga nisbatan 15 foiz arzon bo‘ladi va sanoat mahsulotlari tannarxi 3 foizga kamayadi.

Importga qaramlik tahlili

Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda sanoat korxonalari tomonidan 2,6 milliard dollarlik 3851 turdagi mahsulot import qilingan. Shundan 2445 turi tayyor mahsulotlar, 744 turi texnologik uskunalar, 645 turi butlovchi qismlar va 19 turi xomashyolardan iborat.

Mahalliylashtirish imkoniyati yuqori bo‘lgan 120 turdagi mahsulot aniqlangan bo‘lib, ular bo‘yicha 452,5 million dollarlik import amalga oshirilgan. Ushbu mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali import hajmini kamida 50–100 million dollarga qisqartirish mumkin.

Misol tariqasida, “UZBAT” aksiyadorlik jamiyati tomonidan har yili 10 million dollarlik sigaret qadoqlari xorijdan import qilingan. Sanksiyalar sabab yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelgan. Shu munosabat bilan viloyatdagi “Tong” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, sigaret qadoqlarini mahalliy ishlab chiqarishga kelishildi. Bu orqali korxona ishlab chiqarish hajmi 120 milliard so‘mga oshadi, mahsulot tannarxi 2 foizga arzonlashadi va 10 million dollar valyuta iqtisod qilinadi.

Umuman, viloyatdagi sanoat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan doimiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 100 ta korxonada tannarxni o‘rtacha 8,5 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.

Yuqoridagi chora-tadbirlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va importga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Yangilangan iqtisodiy mexanizmlar, imtiyozli moliyalashtirish va kooperatsiya aloqalarining mustahkamlanishi sanoat rivojida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Bu jarayonlar nafaqat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish va milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

Maryam NIYoZOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.