Saylovchilar murojaati: Dahbet va Bozorjoydagi kanalizatsiya muammosini kim hal qiladi?
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati, O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi Ilhom Botirov saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan ushbu muammoni joyida o‘rgandi.
Oqdaryo tumanining Dahbet va Bozorjoy mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tizimidagi nosozliklar aholiga nafaqat noqulaylik tug‘dirmoqda, balki hudud sanitariya holatining yomonlashishiga ham sabab bo‘lmoqda. Ammo mas’ullar bunga e’tibor qaratmayapti. Oqavaning mahalla ichidagi ariqqa oqizilishi aholi salomatligi uchun jiddiy xavf hisoblanadi. Aslida, bunday muammolar tezkor hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar toifasiga kiradi.
Shunday muammo hududdagi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutini ham qiynab kelmoqda.
Albatta, muammolarni joyiga chiqib o‘rganish, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilish muhim. Lekin bu faqat birinchi bosqich, xolos. Amalda esa ko‘p hollarda shunday o‘rganishlardan keyin masala ma’lum muddatga “nazoratga olindi” degan shaklda qolib ketishi, aniq natijalar esa kechikishi kuzatiladi, deb yozmoqda O‘zLiDeP viloyat kengashi axborot xizmati.
Ayni paytda mazkur masala deputat tomonidan qat’iy nazoratga olingani va ijrosi yuzasidan doimiy monitoring olib borilayotgani qayd etilmoqda.