Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etmoqda
Prezident ishtirokida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazilayotgan joyda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil qilinmoqda.
Bu yerdagi «Yashil» universitet hududida «Ilm – loyiha – amaliyot» zanjiri asosida barpo etilayotgan «in-vitro» laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
Prezidentimiz tadbir qatnashchilari bilan birgalikda Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektarida manzarali ko‘chatlar ekishga kirishdi.
Bu bilan bir vaqtda respublikamiz hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshlarimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazadi.

Davlatimiz rahbari mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari, barcha faollarga murojaat qilib, joylarda milliy urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimizni yanada kengroq targ‘ib qilishga, mahalla aholisini hamjihatlik va ahillik ruhida mana shunday ezgu ishlarga chorlashga, klublar, jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda yoshlarga bosh bo‘lishga chaqirdi.
- Zero, yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu – hayot, bu – toza havo, bu – sog‘lom muhit, bu – kelajak demak! – dedi davlatimiz rahbari.