Sheriklik bog‘chani kim tashkil etadi?

"Temur Fayz" nodavlat ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tgan seminarda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sa’dinova nodavlat ta’lim muassasalariga qo‘yilayotgan talablar, Samarqand shahar hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Rahmatullayev shahar miqyosida bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. "Oriyent Finans bank" xususiy aksiyadorlik tijorat banki viloyat boshqaruvi raisi A.Bakayev ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi xususida gapirdi. 
– Prezidentimizning "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori asosida yangi turdagi MTMlar tashkil etish yuzasidan 20 dan ortiq tadbirkorlar hokimlikka murojaat qildi, – deydi Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari B.Rahmatullayev. – Jumladan, "Samarqand ko‘zmunchog‘i" nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi shahardagi 71-bog‘chani davlat-xususiy sheriklik asosida yangi turdagi maktabgacha ta’lim muassasasiga aylantirish taklifi bilan chiqdi. Hozirda ushbu tashabbus amalga oshirilib, muassasada qurilish ishlari boshlandi.