Shifoxonalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati qanday?
Kuz-qish mavsumida tibbiyot muassasalarida bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun zarur sanitariya-gigiyena sharoitlarini ta’minlash, isitish tizimlarining barqaror ishlashini yo‘lga qo‘yish hamda mavsumiy yuqumli kasalliklarning oldini olish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ullari Bulung‘ur tumanidagi tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida shifoxonalarning isitish tizimlari, qozonxonalar va radiatorlarning texnik holati, palata va muolaja xonalari, operatsion, tug‘ruq, bolalar bo‘limlari hamda boshqa xonalarda belgilangan harorat me’yorlariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, deraza va eshiklarning zich yopilishi, xonalarda sovuq havo kirishining oldini olish, ventilyasiya tizimlarining holati va ulardan to‘g‘ri foydalanish, xonalarni muntazam shamollatish, harorat va namlik ko‘rsatkichlarini nazorat qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislarga kuz-qish mavsumida favqulodda isitish holatlari yuzaga kelganda foydalanish mumkin bo‘lgan zaxira choralarini oldindan belgilash, elektr energiyasi, suv va boshqa kommunikatsiyalarda uzilishlar ehtimoliga tayyor turish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
– Shifoxonalarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarining uzluksiz ishlashi ham mavsumga tayyorgarlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi, - deydi "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi davolash-profilaktika muassasalarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Ablaqulov. – Suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganda foydalanish uchun yetarli suv zaxirasini shakllantirish, kanalizatsiya tarmoqlarini mavsumga tayyorlash, tiqilib qolish va muzlash holatlarining oldini olish zarur, Bundan tashqari, kuz-qish oylarida ko‘payishi mumkin bo‘lgan O‘RVI, gripp va boshqa mavsumiy yuqumli kasalliklarning profilaktikasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘rtasida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, dezinfeksiya tadbirlarini belgilangan tartibda tashkil qilish, bemorlarni qabul qilish va zarurat tug‘ilganda ularni izolyasiya qilish uchun yetarli sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirish tavsiya etildi.
Mavsumga tayyorgarlik doirasida tibbiyot muassasalarida zarur dori vositalari, tibbiy sarf materiallari va dezinfeksiya vositalari zaxirasini shakllantirish, elektr energiyasi yoki boshqa kommunikatsiyalarda uzilishlar sodir bo‘lgan taqdirda muhim tibbiy xizmatlarning uzluksizligini ta’minlash choralarini ko‘rish ham muhim vazifalardan ekani qayd etildi.
Shifoxonalarning oziq-ovqat bloklarida sanitariya holati, mahsulotlarni saqlash sharoiti, saqlash harorati va yaroqlilik muddatlari, oshxona xodimlarining shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishi nazoratda bo‘lishi lozim.
Muassasa hududlarini sanitariya jihatidan tartibga keltirish, barg va boshqa chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, tibbiy chiqindilarni belgilangan tartibda yig‘ish, vaqtincha saqlash va olib chiqish, shuningdek, kemiruvchilar va hasharotlarga qarshi deratizatsiya hamda dezinseksiya tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Ayni paytda viloyatda jami 446 ta davolash-profilaktika muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning kuz-qish mavsumiga munosib tayyorgarligini ta’minlash sanitariya-epidemiologiya xizmati oldidagi muhim vazifalardan biridir.
- Tibbiyot muassasalarining mavsumga tayyorgarligida, avvalo, bemorlar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, sanitariya holatini barqaror saqlash, isitish, suv va ventilyasiya tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda mavsumiy kasalliklar profilaktikasini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratish zarur, - deydi I.Ablaqulov. - Shuningdek, favqulodda vaziyatlar ehtimoliga tayyor turish, muqobil energiya manbalari, generatorlar va boshqa zaxira vositalarining shay holatda bo‘lishini ta’minlash, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha choralarni oldindan ko‘rish muhim.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik mavsum boshlanganidan keyin emas, balki uning oldidan ko‘riladigan chora-tadbirlar samarasi bilan baholanadi. Shu bois tibbiyot muassasalari rahbarlari tomonidan mavsumga tayyorgarlik ishlarini sifatli va mas’uliyat bilan tashkil etishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Ayni vaqtda "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlar mutaxassislari tomonidan viloyatdagi tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mavsumni munosib sharoitda o‘tkazish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda.
"Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi axborot xizmati.