Shoirning rafiqasi Nazira Assalom maktabga keldi

Ayni kunlarda butun yurtimiz bo‘ylab Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbus asosida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ma’rifiy kechalar, adabiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Tayloq tumani 44-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ta’lim muassasasining sobiq bitiruvchilari tashabbusi bilan ushbu maktabga O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning rafiqasi Nazira Assalom hamda shogirdi, Zulfiya mukofoti sohibasi Guljamol Asqarovalar tashrif buyurishdi. Maktabning eng ilg‘or, kitobsevar yoshlari, adabiyot ixlosmandlari va bilimdon o‘quvchilar ma’naviyat xonasida jamuljam bo‘ldilar.

Uchrashuv davomida Nazira Assalom ulug‘ shoirni yod etib, u kishi bilan bog‘liq xotiralarni, o‘tgan kunlarini, qiyinchilik hamda baxtli damlarini esga olib, o‘quvchilarga aytib berdi. Va yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yoshlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar, ayniqsa, davlatimiz rahbari bosh-qosh bo‘lgan xayrli besh tashabbusning mazmun-mohiyati hamda har bir tashabbusning yoshlar hayotidagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirib, bugungi yosh avlodga havas qilishini, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligini ta’kidladi. Shundan so‘ng shoira Guljamol Asqarova ham ustozi M. Yusufni xotirladi. O‘quvchilarga o‘zi va ustozi yozgan she’rlardan parchalar o‘qib berdi.

– Bunday uchrashuvlar o‘quvchilar uchun judayam foydali, – deydi maktab direktori Faxriddin Jumanov. – Bilasizmi, maktabimizda adabiyotga qiziquvchi yoshlar ko‘p. Mana shunday uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazishimizni ularning o‘zlari so‘rashadi. Yanvar oyida ham O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adabiyotshunos Olimjon Toshboyevlar maktabimizda ijodiy uchrashuv o‘tkazishgandi. Bunday uchrashuvlardan yoshlarimizning adabiyotga yanada mehri ortishi tabiiy.

Tadbir so‘nggida maktabning sobiq o‘quvchilari Zavqiddin Nasimov, Nodir Ochilov, Laylo Abdushukurovalar tomonidan 100 dan ortiq badiiy, ilmiy, adabiy kitoblar maktab kutubxonasi uchun sovg‘a qilindi.

O‘z muxbirimiz.